Toshkentdagi Konfutsiy instituti yangi manzilga koʻchdi

Endilikda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi Konfutsiy instituti faoliyatini poytaxtdagi politexnika kasb-hunar kolleji binosida davom ettiradi.
Hozircha uning auditoriyalari 850 kvadrat metr maydonni egallagan. Kollejga qabul qilish toʻxtatildi. Ikkinchi va uchinchi bosqich oʻquvchilari tahsilni tugatgach, bundan uch baravar katta korpus institut ixtiyoriga beriladi.

Ramziy koʻchib oʻtish marosimida qatnashgan XXRning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yanning izohlashicha, institut maydonining kengaytirilishiga sabab xitoy tilini oʻrganishga qiziquvchilar soni ortgan. Hozirda Toshkent va Samarqandda faoliyat koʻrsatayotgan Konfutsiy institutlarida dunyodagi eng murakkab tillardan birini ikki mingga yaqin oʻzbekistonliklar oʻrganmoqda. Oʻz navbatida, Chin oʻlkasining toʻrtta oliy oʻquv yurtida oʻzbek tili yoʻnalishlari ochilgan. Elchining soʻzlariga koʻra, bu xalqlarimiz bir-birini yanada yaxshiroq tanishga intilayotgani, madaniy-gumanitar aloqalar mazmunan boyib borayotganidan dalolatdir.

— Ushbu oʻquv yilida 780 kishini qabul qildik, holbuki talab ikki baravar koʻp edi, — deydi institutning Oʻzbekiston tomonidan direktori Saodat Nosirova. — Mashgʻulotlar uch smenada olib boriladi. Oʻqituvchilarimiz orasida xitoyliklar bilan birga, XXRda malaka oshirgan mahalliy pedagoglar ham bor. Qayd etish joizki, Xitoyda tajriba oshirib kelish pedagoglarimiz uchun majburiy talab, deb belgilangan.
Xitoy tili, asosan, ingliz tili bilan cheklanib qolishni istamayotgan bilimga chanqoq yoshlarda katta qiziqish uygʻotmoqda. Biroq ilmga intilish yosh tanlamaydi: Konfutsiy institutida tahsil olayotgan eng kichik oʻquvchi 8 yoshga toʻlgan boʻlsa, 65 yoshida bu qadimgi tilni oʻrganishga kirishganlar ham bor.
R. ALISHЕROV.
Suratlar muallifi: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring