Toshkentdagi dorixonadan hindistonlik erkakning jasadi topildi
Illyustrativ foto
Toshkent shahridagi dorixonalardan birining yuvinish xonasidan Hindiston fuqarosining jasadi topildi. Bu haqda “Xalq soʻzi”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Bildirilishicha, joriy yilning 12-iyul kuni Yakkasaroy tumanida joylashgan xususiy firmada ishlab kelgan 61 yoshli Hindiston fuqarosi S.Sh.ning jasadi topilgan.
Aniqlanishicha, u oʻsha kuni taxminan soat 12:00-13:00 lar oraligʻida firma binosi ichidagi yuvinish xonasida oʻzining chap bilak sohasi tomirlariga va boʻyin sohasiga ustara yordamida jarohat yetkazib, oʻz joniga qasd qilgan.
“S.Sh. vafotidan oldin oʻzi tomonidan ingliz va rus tillarida moddiy qiyinchilikka tushib qolganini, oʻz joniga oʻzi qasd qilganini va ushbu holat boʻyicha hech kimga hech qanday daʼvosi yoʻqligini, faqatgina uning jasadini Hindistonga joʻnatilishini iltimos qilib, xat yozib qoldirgan”, deydi Hayot Shamsutdinov.
Qoʻshimcha qilinishicha, hozirda ushbu holat yuzasidan Yakkasaroy tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring