Toshkentda yana bir FVB xodimi pora bilan ushlandi
Foto: DXX
Toshkent shahrida Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xodimining noqonuniy harakati fosh qilindi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.
Maʼlum qilinishicha, Toshkent shahar FVBBning Yunusobod tuman boshqarmasi Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi boʻlimi inspektori Olmazor tumanida joylashgan xususiy klinikaning yongʻinga qarshi holati yuzasidan vakolatli hamkasblari orqali ijobiy xulosa olib berishni vaʼda qilib, joriy yilning fevral oyida MCHJ rahbaridan 6,5 mln soʻm olgan. Biroq, u turli bahonalar bilan vaʼdasini bajarmasdan kelganligi sababli, fuqaro undan pullarini qaytarishni talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, inspektor muqaddam olgan pullarini qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkent shahri Yangihayot tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi kichik inspektori 1,5 ming dollar pora olgan vaqtida qoʻlga olingan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring