Toshkentda varrak uchirishda belgilangan cheklovlarga amal qilish soʻraldi
Illyustrativ foto
Iliq bahor havosida koʻpchilik varrak uchirish kabi koʻngilochar mashgʻulot bilan shugʻillanadi. Biroq aeroportlar yaqinida bunday harakatlar parvozlar xavfsizligiga jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin. Shu munosabat bilan “Uzbekistan Airports” fuqarolarni belgilangan cheklovlarga amal qilishga chaqirdi.
Qayd etilishicha, varraklar balandga koʻtarilishi va samolyotlarning uchish va qoʻnish yoʻllariga tushib qolishi mumkin. Bu samolyot bilan toʻqnashish, texnikaga shikast yetishi va favqulodda holatlar yuzaga kelishi xavfini tugʻdiradi. Bundan tashqari, mustahkam yoki kuchaytirilgan iplar havo kemalari uskunalariga zarar yetkazishi yoki dvigatellarga tushib qolishi mumkin.
Taʼkidlanishicha, Havo kodeksining 17-moddasiga muvofiq, parvozlar xavfsizligiga tahdid soladigan faoliyat turlariga aeroport va uning oldidagi hududlarda varrak uchirish ham kiradi.
Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 116²-moddasiga koʻra, havo hududiga ruxsatsiz foydalanish BHMning 20 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga qamoqqa olishga sabab boʻladi. Aviatsiya hodisasi yoki falokat yuz berganda esa, oddiy shoʻxlik jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan poytaxt aholisi va mehmonlaridan oʻrnatilgan cheklovlarga tushunish bilan qarashlari hamda varrak uchirish uchun aeroportdan uzoqroq boʻlgan xavfsiz joylarni tanlashlari soʻralgan.
“Ushbu oddiy qoidalarga rioya qilish — har bir kishining parvozlar xavfsizligi va yoʻlovchilar xotirjamligiga qoʻshgan hissasidir”, deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring