Toshkentda qurilish krani qulashi oqibatida 25 yoshli ishchi halok boʻldi
Videodan kadr
Toshkent shahri Chilonzor tumanida minorali qurilish krani agʻdarilib ketishi oqibatida 25 yoshli ishchi halok boʻldi. Mazkur holat yuzasidan poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi maʼlumot berdi.
Maʼlum qilinishicha, kecha, 8-sentyabr kuni taxminan soat 18:00 larda Chilonzor tumani Tirsakabod koʻchasida olib borilayotgan qurilish hududida minorali qurilish kranini oʻrnatish jarayonida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmagani sababli ushbu kran qulab tushgan.
Oqibatda oʻrnatish ishlarini olib borayotgan 25 yoshli yollanma ishchi L.A. olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, yollanma ishchilar — 20 yoshli I.Q. va 25 yashar M.A. turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
“Vafot etgan fuqaroning yaqinlariga hamdardlik bildiramiz”, deyiladi IIBB xabarida.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari (“Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish, odam oʻlishiga, boshqa ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlishi”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring