Toshkentda qalbaki dori vositalari ishlab chiqaruvchi yashirin sex fosh etildi (+video)

10:10 06 May 2025 Jamiyat
460 0

Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida faoliyat yuritgan qalbaki dori vositalarini ishlab chiqarish va noqonuniy savdo bilan shugʻullangan yashirin sex faoliyatiga chek qoʻyildi. Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Toshkent tumanidagi xonadonda tashkil etilgan noqonuniy sex aniqlandi. U yerda 1984-yilda tugʻilgan shaxs tomonidan faoliyat yuritilib, 49 nomdagi 594 ming 127 dona qalbaki dori vositalari, jumladan “Futsis”, “Prosulpin”, “Ursosan”, “Arbidol” kabi dori vositalari tayyorlangan.

Sexda dorilarni tayyorlash uchun ishlatilgan 50 ta asbob-uskuna, stanok va qoliplar, shuningdek, 168 kg homashyo, etiketkalar, yoʻriqnomalar, boʻsh idishlar va kapsulalar ashyoviy dalil sifatida olindi. Sifat talablariga javob bermaydigan ushbu vositalar qoʻlbola usulda ishlab chiqarilgan. Qoʻshimcha ravishda, mazkur shaxsning Uchtepa tumanidagi xonadondan ham turli xil dorilar, ampulalar, suyuqliklar va boshqa dorivor ashyolar topildi. Jami 28 ming 640 dona dori vositasi, 75 dona ampula, 18 ming 280 dona nomsiz suppozitoriylar va boshqa vositalar musodara qilindi.

Tergovgacha tekshiruvda, sex tashkilotchisi dorilar tayyorlash uchun kerakli xomashyoni internet orqali nomaʼlum shaxslardan sotib olgani maʼlum boʻldi. Butun jarayon davomida ashyoviy dalil sifatida olingan dori vositalari va uskunalarning umumiy qiymati taxminan 10 milliard soʻmni tashkil etdi. Mazkur qalbaki dorilar Toshkent shahri va Buxoro viloyatidagi dorixonalarga tarqatilgan boʻlib, tezkor tadbirlar natijasida ularning savdosiga chek qoʻyildi. Tekshiruv natijasiga koʻra, Jinoyat kodeksining 186¹³-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Shu bilan birga, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan yana bir tadbirda, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 1992-yilda tugʻilgan shaxs va uning hamtogʻi, bank xodimi boʻlgan 1996-yilda tugʻilgan shaxs, Xitoydan olib kelingan 574 ming 560 dona infuzion tibbiy tizimlarni 55 ming 700 AQSH dollariga sotayotgan paytda qoʻlga olindi. Bu tibbiy buyumlar ekspertizadan oʻtkazilib, 1 milliard soʻmlik tovar foydalanishga yaroqsiz ekani va mamlakatda saqlash, tashish, sotish hamda tibbiyotda qoʻllash qatʼiyan taqiqlangani aniqlandi.

Ayni paytda har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186¹³-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda. Mazkur holatlar fuqarolar salomatligiga xavf tugʻdiruvchi qalbaki dori vositalarining tarqalishi oldini olishda qonunbuzarlarga qarshi qatʼiy choralar koʻrilayotganini koʻrsatadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер