Toshkentda PEMPAL Ichki audit hamjamiyatining yalpi majlisi oʻz ishini boshladi

10:42 18 Oktyabr 2023 Siyosat
437 0

Joriy yilning 17-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida tashkil etilayotgan Davlat moliyasini boshqarish boʻyicha xalqaro hamkorlik taʼlim dasturi (PEMPAL) Ichki audit hamjamiyatining navbatdagi yalpi majlisi oʻz ishini boshladi.

Yalpi majlis “Davlat ichki moliyaviy nazoratining davlat sektoridagi islohotlar bilan oʻzaro bogʻliqligi va ularni muvofiqlashtirish” mavzusiga bagʻishlangan boʻlib, unda xalqaro standartlar va ilgʻor tajribalar, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari hamda mamlakatimizda ichki audit sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan ishtirokchilarni tanishtirish nazarda tutilgan.

Mazkur yalpi majlisda Jahon banki, Yevropa Ittifoqi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Xalqaro ichki auditorlar instituti hamda hamjamiyatga aʼzo 25 dan ortiq mamlakatdan 60 ga yaqin xalqaro ekspertlar va amaliyotchilar ishtirok etmoqda.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Axadbek Xaydarov kirish soʻzi bilan ochdi. U oʻz nutqida mamlakatimizda davlat ichki audit tizimi islohoti doirasida olib borilayotgan ishlarga toʻxtalib, yalpi majlisning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi yurtimizda olib borilayotgan islohotlar natijadorligini yanada oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Shu bilan birga, yalpi majlisning ochilish marosimida Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi boshligʻi janob Marko Mantovanelli hamda Ichki audit hamjamiyatining ijro qoʻmitasi raisi Tatyana Traykovska soʻzga chiqib, Yevropa mintaqasi va Markaziy Osiyo mamlakatlarida davlat moliyasini boshqarish boʻyicha xalqaro hamkorlik taʼlim dasturi (PEMPAL), shuningdek, Ichki audit hamjamiyati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan yutuqlarga toʻxtalib oʻtishdi.

Tadbirning birinchi kunida davlat ichki auditi va davlat boshqaruvi hamda davlat moliyasini boshqarish sohasidagi islohotlarning oʻzaro taʼsiri va muvofiqlashtirish boʻyicha taqdimot, bu borada xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlili hamda guruhlar muhokamasi oʻtkazildi. Shuningdek, Jahon miqyosida hamda PEMPAL Ichki audit hamjamiyatiga aʼzo mamlakatlarda ichki audit va ichki nazorat sohasida soʻnggi yangiliklar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlash joizki, ushbu tadbirning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi mamlakatimizda davlat moliyaviy nazorati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini muhokama qilish orqali kelgusidagi dolzarb vazifalarni belgilab olish hamda xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning ekspertlari hamda amaliyotchilari bilan oʻzaro fikr va tajriba almashishga xizmat qiladi.

Maʼlumot uchun, PEMPAL taʼlim dasturi 2006-yilda Jahon banki tomonidan tashkil etilgan boʻlib, Markaziy Osiyo va Yevropa mintaqasidagi 23 ta mamlakatning Davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish, qiyosiy tahlil qilish va taʼlim seminarlari oʻtkazish orqali mahalliy mutaxassislarning bilim-koʻnikmalarini oshirishga imkon yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер