Toshkentda Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston yangi temir yoʻl liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi
12-mayda Toshkent shahrida Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston temir yoʻl liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Transport vazirligi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, ochilish marosimida Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, transport vaziri Ilxom Maxkamov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri maslahatchisi Abdulla Xashimov, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ raisining oʻrinbosari Akmal Kamalov, Pokiston va Afgʻoniston elchilari, Afgʻoniston temir yoʻl boshqarmasi raisi Baxt ul-Raxman Sharafat ishtirok etishdi.
Shuni taʼkidlash kerakki, loyiha ofisining tashkil etilishidan maqsad, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish va loyihaning amaliy bajarilishini tezlashtirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishdir.
Tadbir ishtirokchilari loyiha ofisining oʻz vaqtida ochilishi, tomonlarning loyihani amalga oshirishni muntazam ravishdan doimiy ravishga jadallashtirish boʻyicha harakatlarini yoʻnaltirishni alohida taʼkidladilar.
Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev: “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2018-yildan buyon izchil samarali ishlar olib borilmoqda, loyiha ofisining ochilishi esa tomonlarning loyihani amalga oshirishni jadallashtirish borasidagi harakatlarining navbatdagi bosqichidir”, – dedi.
– Loyiha qurilishini muvofiqlashtirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri Toshkent shahrida loyiha ofisining oʻz vaqtida ochilishi Markaziy Osiyo mamlakatlarni Pokistonning 230 millionli aholisi bilan bogʻlaydi, shuningdek, muqobil raqobatbardosh yoʻnalishlarda Arab dengizi havzasi davlatlari bilan oʻzaro savdo qilish imkoniyatlarini ochadi. Loyihani amalga oshirish mintaqalarni yuqori rivojlanish darajasiga olib chiqadi, shuningdek, umumiy tarixni hurmat qiladigan xalqlar oʻrtasidagi munosabatlarni tiklaydi”, – deya taʼkidladi Pokiston elchisi Axmed Faruk.
– Toshkent shahrida loyiha ofisining ochilishi tomonlar mutaxassislarining ishini bevosita yuzma-yuz shaklda yanada samarali tashkil etish imkonini beradi, shuningdek, loyihani amalga oshirishda Rossiya va Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyo mamlakatlariga millionlab tonna tabiiy resurslar va boshqa tovarlarni tashish imkoniyati paydo boʻladi. Shu bilan birga, Afgʻoniston tomoni Afgʻoniston iqtisodiyotining real sektorini rivojlantirishga koʻproq eʼtibor qaratayotgan Oʻzbekistonga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman, – deya taʼkidladi Afgʻoniston temir yoʻl boshqarmasi raisi Baxt ul-Raxman Sharafat.
11–12-may kunlari Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston temir yoʻl liniyasini qurish loyihasini yanada rivojlantirish boʻyicha navbatdagi uch tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi. Unda tomonlar loyihani amalga oshirishni jadallashtirish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring