Toshkentda lift ichidagi odamlari bilan birga qulab tushdi (+video)
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Yashnobod tumani Normuhammedov dahasi 12-uyning lifti ichida odamlari bilan pastga qulab tushgani haqida videotasvirlar tarqalgan edi. Mazkur holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi izoh berdi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur holat vazir oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva tomonidan voqea joyga chiqib oʻrganilgan. Aniqlanishicha, liftning toʻxtash qavatiga kelganda sekinlashtirish funksiyasini amalga oshiruvchi datchik nosozligi tufayli oʻz vaqtida kerakli signal yetib bormagan. Shu bois liftning himoya funksiyasi ishga tushib, 2 va 3 qavatlar oraligʻida harakatlanishdan toʻxtagan.
Shundan soʻng, koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatuvchi “Eco hudud” va liftlarning ekspluatatsiyasini shartnoma asosida amalga oshirib kelayotgan “Xavfsiz lift” tashkilotining 24/7 dispetcherlik xizmatiga kelib tushgan murojaat bartaraf etilgan. Voqea joyiga liftga xizmat koʻrsatuvchi tashkilot vakillari yetib kelib, aholini 4-5 daqiqa ichida chiqarib olishga erishgan.
Shuningdek, vazir oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva Yashnobod tumani hokimi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi vakillari va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan holatni muhokama qilgan. Bunda tizimni raqamlashtirish, kuzatuv mexanizmini yanada kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Jumladan, masʼullarga, lift kabinalarida aloqa kanallarini yaxshilash yuzasidan aniq topshiriqlar belgilanib, mazkur holatlarning oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi taʼkidlandi.
“Hozirda lift qurilmasi soz holatga keltirilgan”, — deyiladi vazirlik munosabatida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring