Toshkentda ijaraga olingan uylarni soxta hujjatlar bilan sotib kelgan guruh ushlandi
Foto: IIV
Toshkent shahrida ijaraga olingan uylarni qalbaki hujjatlar asosida boshqa shaxslarga sotib kelgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, muqaddam firibgarlik, oʻgʻrilik va hujjatlarni qalbakilashtirish bilan bogʻliq moddalar bilan sudlangan 34 yoshli shaxs toʻrt nafar fuqaroni jinoiy faoliyatga jalb qilgan. 46, 29, 32 va 26 yoshli guruh aʼzolari poytaxtda fuqarolarga tegishli uylarni ijaraga olib, uy egalari bilmagan holda hujjatlarni qalbakilashtirib, ularni sotish bilan shugʻullangan.
Tezkor tadbir davomida jinoiy guruh aʼzolari Mirobod tumani Nukus koʻchasida joylashgan 95 kvadrat metr maydonga ega xonadonni sotish uchun mijoz topgani aniqlangan. Ular har kvadrat metrni 1300 dollardan hisoblab, xaridor bilan ogʻzaki kelishuvga erishgan.
Shundan soʻng Yakkasaroy tumanidagi notarial idorada oldi-sotdi hujjatlari rasmiylashtirilayotgan vaqtda guruh aʼzolari 110 ming dollarni olayotganida daliliy ashyolar bilan qoʻlga olingan.
Mazkur holat yuzasidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring