Toshkentda haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun “oxirgi mijozgacha” rejimi joriy etildi
Foto: Arxiv surat
Toshkentda haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun “oxirgi mijozgacha” rejimi joriy etildi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi xabar berdi.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida 2021-yil dekabr oyida muddati tugagan eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish muddati 2022-yil 31-dekabrgacha uzaytirildi va bu jarayon 4 bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Yaʼni:
Eski haydovchilik guvohnomalari quyidagi muddatlarda majburiy ravishda yangisiga almashtirilishi kerak:
2010-yilgacha chiqarilgan — 2022-yil 31-martgacha;
2010-2012-yillarda chiqarilgan — 2022-yil 30-iyungacha;
2013-2015-yillarda chiqarilgan — 2022-yil 30-sentyabrgacha;
2015-yildan keyin chiqarilgan — 2022-yil 31-dekabrgacha.
Muammoning asosiy sababi shundaki, 2022-yil 31-martda eski haydovchilik guvohnomalarini almashtirishning birinchi bosqichi yakunlanadi, shundan soʻng 2010-yilgacha berilgan “haydovchilik guvohnomalari” haqiqiy emas deb topiladi va shu kungacha fuqarolarning aksariyati haydovchilik guvohnomalarini almashtirmagan. Shunday qilib, Markazlarda xizmat koʻrsatuvchilar oqimi tabiiy ravishda ortdi.
Shu bois, qoʻshimcha qulayliklar yaratish va ushbu xizmatni fuqarolarga koʻrsatish masalasini hal etish maqsadida, shuningdek, hududlardan murojaat etuvchilar soni koʻp boʻlganligi sababli, DXA masʼul shaxslari tomonidan:
2022-yil 21-fevraldan Toshkent shahrining Mirobod, Mirzo-Ulugʻbek, Yashnobod, Yakkasaroy, Sergeli, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Olmazor, Yunusobod tumanlaridagi Davlat xizmatlari markazlarida “oxirgi mijozgacha” kengaytirilgan ish rejimi tashkil etildi. Shu maqsadda mehnat qonunchiligi doirasida ish tartibi qayta koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, haydovchilar dushanbadan jumagacha ertalab soat 9:00 dan kechgacha, shanba kuni esa soat 09:00 dan 13:00 gacha milliy haydovchilik guvohnomasini almashtirish xizmatidan foydalanishlari mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring