Toshkent viloyatida yashirin dori ombori fosh etildi
Foto: DXX
Toshkent viloyatining Toshkent tumanida yashirin dori ombori fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, DXX va Bojxona idoralari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent tumanida yashovchi, 1991-yilda tugʻilgan shaxs oʻz yashash xonadonida xorijdan aylanma yoʻllar orqali olib kelingan dori vositalarini saqlab, poytaxtdagi dorixonalarga sotish bilan shugʻullanib kelgani aniqlangan.
Omborni koʻzdan kechirish davomida jami 119 turdagi, 3356 qutida boʻlgan 76318 dona “Frotu”, “Budenofalk”, “Gaviscon”, “Baraclude” va boshqa nomdagi dori vositalari aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Ularning dastlabki umumiy qiymati taxminan 1 mlrd soʻmni tashkil etadi.
Hozirda dori vositalaridan namunalar olinib, ekspertiza oʻtkazish uchun Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga yuborilgan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring