Toshkent viloyatida qoʻlbola ichkiliklar ishlab chiqarilishi va savdosi aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Nurafshon shahri boʻlimi Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi va viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Yangiyoʻl tumanida tezkor tadbir oʻtkazdi.
Unda Yangiyoʻl tumanidagi “Mingbuloq” mahallasida yashovchi 49 yoshli U. S. yordamchi xoʻjalik binosida yashirin ravishda alkogol mahsulotlarini noqonuniy ravishda ishlab chiqarayotgani aniqlandi. Tezkor tadbir davomida qoʻlbola usulda ishlab chiqarilgan sifatsiz spirtli ichimliklar U. S.ning farzandi hisoblangan yakka tartibdagi tadbirkor J. Y.ga tegishli doʻkonda sotilayotgani fosh etildi.

52-maktab yonida joylashgan doʻkon va fuqaro xonadonidan qonunga xilof ravishda realizatsiya qilib kelayotgan jami 690 litr spirt, 83 litr vino, 397 dona boʻsh shisha, 324 quti tamaki mahsuloti va boshqa ashyoviy dalillar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

– Yangiyoʻl shahri Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi Sanitariya gigiyena laboratoriyasining oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalarni tekshirish bayoniga asosan, ashyoviy dalil sifatida olingan spirt namunasi isteʼmolga yaroqsiz ekanligi, isteʼmolchilar hayoti va sogʻligʻi uchun xavf tugʻdirishi haqida xulosa qilingan, – deydi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Nurafshon shahri boʻlimi boshligʻi Feruz Hasanov.
Mazkur holat yuzasidan U. S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring