Toshkent viloyatida “Isuzu” va “Cobalt” toʻqnashib, yonib ketdi
Foto: Toshkent viloyati YHXB
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida “Isuzu” avtobusi va “Cobalt” toʻqnashib, yonib ketdi. Viloyat YHXB matbuot xizmati hodisa yuzasidan maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, voqea bugun, 4-noyabr kuni soat taxminan 07:00 larda Ohangaron tumani hududidan oʻtgan D 017 Olmaliq-Toshkent avtomobil yoʻlining 27-kilometrida sodir boʻlgan.
Haydovchi D.B. “Cobalt” avtomobilini Olmaliq-Toshkent yoʻnalishida boshqarib ketayotganida ushbu joyda qayrilib olish mumkin boʻlgan joydan qayrilib olayotgan haydovchi O.D. boshqaruvidagi “Isuzu” avtobusiga borib urilgan. Toʻqnashuvdan soʻng transport vositalarida qisqa tutashuv sodir boʻlgani sababli yongʻin kelib chiqqan.
YTH oqibatida “Cobalt” haydovchisi tan jarohati olib, tuman markaziy shifoxonasiga murojaat qilgan.
Hozirda holat yuzasidan Ohangaron tumani IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring