Toshkent viloyatida “daraxtkush”lik oqibatida tabiatga qariyb 1,5 mlrd soʻm zarar yetkazildi
Foto: Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi
Toshkent viloyati Ohangaron tumanida 11,5 gektar yer maydonida 100 dan oshiq koʻp yillik manzarali daraxtlar va butalar gʻayriqonuniy tarzda kesilgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, holat Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan oʻtkazilgan reyd davomida aniqlangan. Tumanning “Qorasuvyoqa” MFY hududida “F.A.B.” fermer xoʻjaligi tomonidan 11,5 gektar yer maydonida 100 dan oshiq koʻp yillik manzarali daraxtlar va butalar gʻayriqonuniy tarzda kesilganligi va ildiz qismi bilan qoʻporib koʻmib tashlangan.
Oʻrganish davomida 59 tup daraxtning ildiz qismi aniqlangan va tegishli tartibda hududga ildiz qismlari yoʻq qilib yuborilmasligi uchun faollar jalb qilinib, navbatchilik ishlari olib borilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 464-sonli qaroriga koʻra, mazkur huquqbuzarlik natijasida tabiatga 1 milliard 463 million 12 ming soʻm zarar yetkazilgan. Bildirilishicha, hozirda holatga huquqiy baho berish uchun toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilmoqda.
Maʼlumot uchun, qarorga koʻra, davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy davrida daraxtlar va butalarga yetkazilgan zarar miqdori ikki baravarga oshiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring