Toshkent va Panjob viloyatlari oʻrtasida hamkorlik “birodar hududlar” maqomida rivojlantiriladi

14:17 13 Mart 2026 Jamiyat
195 0

Toshkent viloyati hokimi, senator Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Pokiston Islom Respublikasida boʻlib turibdi. Tashrif doirasida qator muhim uchrashuvlar, muloqotlar va biznes anjumanlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Delegatsiya dastlab tarixiy va goʻzal Lahor shahrida Pokiston Musulmon Ligasi yetakchisi Muhammad Navoz Sharif hamda Panjob viloyati bosh vaziri Maryam Navoz Sharif bilan uchrashdi. Muloqot davomida Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani alohida taʼkidlandi.

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil fevral oyida Pokiston Islom Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasidagi oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi doʻstlik hamda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Bu tashrif siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport, logistika va gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirishda muhim qadam boʻldi, — deydi Toshkent viloyati hokimining oʻrinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi Najmiddinxoʻja Sharipov.

Uchrashuvda Toshkent viloyati va Panjob viloyati oʻrtasidagi hamkorlikni “birodar hududlar” maqomida rivojlantirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, turizm, chorvachilik, charm sanoati hamda investitsiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, madaniy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Mezbonlar Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga qiziqish bildirib, Zoyir Mirzayev tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi.

Oʻz navbatida, Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati oʻzaro manfaatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish, biznes doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga tayyor ekanini taʼkidladi. Shu bilan birga, Panjob viloyati bosh vazirini hududning investitsiyaviy, sanoat va turizm salohiyati bilan yaqindan tanishish maqsadida oʻziga qulay vaqtda Toshkent viloyatiga tashrif buyurishga taklif etdi.

Toshkent viloyati delegatsiyasining Pokiston Islom Respublikasiga xizmat safari davom etmoqda.

Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?