Toshkent shahri Shayxontohur tumanida 20,7 kilometr uzunlikdagi “Turizm halqasi” tashkil etiladi

17:21 14 Iyun 2023 Jamiyat
478 0

Hujjat bilan  Toshkent shahrining Shayxontohur  tumanidagi mavjud zaxiralardan  toʻliq va samarali  foydalanish, savdo, xizmat  koʻrsatish va turizm sohalarini jadal rivojlantirish, ijtimoiy soha va muhandislik – kommunikatsiya  infratuzilmasini  yaxshilash orqali  aholining turmush  darajasini oshirish  vazifalari belgilandi.

Xususan,  qarorga binoan, Shayxontohur  tumanida  20,7 kilometr uzunlikdagi  “Turizm halqasi” tashkil etiladi. 

“Turizm halqasi” doirasida tumanda  uzilishsiz piyodalar yoʻlagi (nogironligi boʻlgan  shaxslar, shu  jumladan koʻzi ojizlar uchun  zarur shart-sharoitlar yaratgan holda) quriladi. Sugʻorish va irrigatsiya-drenaj tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi. Hunarmandchilik markazlari va  tematik   sayilgohlar tashkil etiladi, aholi  gavjum koʻchalarni  tunu kun faoliyat koʻrsatadigan savdo, koʻngilochar, gastronomik  va  turizm  koʻchalariga  aylantirish  va Toshkent  shahrining  tarixiy  darvozalarini qayta  tiklash  ishlari amalga  oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasi  bir oy muddatda  poytaxtdagi Chorsu va Eski juva dehqon bozorlari hududini tartibga keltirish va turistik jozibadorligini oshirishga qaratilgan  qarori qabul qilishi lozim.

Hukumat hujjatida bozor hududidagi tartibsiz qurilmalar oʻrniga loyiha asosida zamonaviy savdo rastalarini joylashtirish, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida koʻp qavatli avtoturargoh tashkil etish hamda piyodalar yoʻlaklarini qurish va irrigatsiya tarmoqlarini yangilash kabilar eʼtiborga olinadi.

Shuningdek, bozor hududidagi boʻsh turgan bino-inshootlar milliy arxitektura ishlanmalarini aks ettirgan loyihalar asosida rekonstruksiya qilinadi va qoʻshimcha yangi savdo rastalari quriladi.

Toshkent shahar hokimligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi damda Madaniyat va turizm vazirligi bilan birgalikda 2024-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Oʻzbekiston davlat sirki binosini ham rekonstruksiya qiladi.

Davlatimiz  rahbarining qaroriga koʻra, “Turizm halqasi”ni tashkil etish xarajatlari uchun  respublika byudjetidan Toshkent shahar mahalliy byudjetiga 3 yil muddatga 100 milliard soʻm miqdorida byudjet ssudasi ajratilmoqda.

Hujjat bilan Toshkent shahri Shayxontohur tumanida “Turizm halqasi”ni barpo etish boʻyicha “yoʻl xaritasi”  ham  tasdiqlandi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер