Toshkent shahar hokimining 2 yil avvalgi qarori noqonuniy ekanligi aniqlanib, bekor qilindi

16:49 16 Oktyabr 2020 Jamiyat
3514 0

Toshkent shahar hokimining 2018-yil 16-apreldagi “Building and Supplies” MCHJga yer uchastkasini ajratib berish haqida”gi qarori bilan Yakkasaroy tumani, “Yunus Rajabiy” MFYda koʻp qavatli turar-joy qurish uchun 0,50 ga yer maydoni ajratib berilgan.

Fuqaro O.Pyanovskaya va boshqalar Toshkent shahar hokimining 2018-yil 16-apreldagi “Building and Supplies” MCHJga yer uchastkasini ajratib berish haqida”gi qarorini haqiqiy emas deb topish haqida sudga ariza bilan murojaat qilgan. Bu haqda Bosh prokuratura maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, Chilonzor tuman maʼmuriy sudining 2019-yilning 11-dekabrdagi hal qiluv qarori bilan arizachi O.Pyanovskaya, O.Belkina, M.Sobirovalarning Toshkent shahar hokimining qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyatini qanoatlantirish rad etilgan.

Toshkent shahar maʼmuriy sudi apellyatsiya instansiyasining 2020-yil 27-yanvardagi qarori bilan Chilonzor tuman maʼmuriy sudining yuqoridagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.

Qayd etilishicha, quyidagilarga koʻra, birinchi va apellyatsiya instansiya sudi qarorlari qonunga zid:

Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

2018-yil 3-iyunga qadar amalda boʻlgan “Toshkent shahrida shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq Toshkent shahrida yer uchastkalari berish amaliyotini oʻrganish boʻyicha komissiya tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Toshkent shahar hokimiyati tomonidan yer uchastkalarni ajratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan komissiyasining qarori qabul qilishi uchun bir qator hujjatlar, yaʼni yer uchastkasining oʻrnatilgan tartibda Toshkent shahar bosh arxitektori, yer resurslari va davlat kadastri, yongʻin xavfsizligi, sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish va yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari bilan kelishilgan tavsifnomasi, “ToshkentboshplanLITI” DUKning tanlangan yer uchastkasi boʻyicha xulosasini taqdim qilishini hamda 14-bandiga koʻra komissiyaning yer uchastkalarini ajratish haqidagi ijobiy qaroriga asosan Toshkent shahar hokimi bir hafta muddatda qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda qaror qabul qilishi, komissiyaning qarorisiz Toshkent shahar hokimiyatiga yer uchastkalarni ajratish taqiqlanishi belgilangan.

Sud tomonidan ushbu normativ-huquqiy hujjatda belgilangan talablar eʼtiborga olinmagan.

Ikkinchidan, “Building and Supplies” MCHJning 2018-yil 9-fevraldagi murojaati va shahar hokimining 2018-yil 10-fevraldagi koʻrsatmasiga asosan, jamiyatga Yakkasaroy tumani, Yunus Rajabiy mahallasi 72, 55/4, 66/2, 66/1-uylar oraligʻida koʻp qavatli turar-joy binolarini qurish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tashkilotlarga kelishish uchun yuborilgan.

“ToshkentboshplanLITI” DUK tomonidan rad javobi berilgan boʻlsa, yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri xizmatining xulosasi olinmagan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-iyunga qadar amalda boʻlgan 2013-yil 25-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun aholi punktlarida yer uchastkalari berish, qurilish obyektlarini loyihalashtirish va roʻyxatdan oʻtkazish, shuningdek, obyektlarni foydalanishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan, yer uchastkasini joylashtirish planida, tuman (shahar) hokimi, tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi, tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qoʻmitasiga, shuningdek, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologiya xizmati, davlat yongʻin nazorati hududiy organi, madaniy meros yodgorliklarini qoʻriqlash zonasida obyekt qurish uchun yer uchastkasi tanlashda-madaniy meros obyektlarini qoʻriqlash va ulardan foydalanish hududiy inspeksiyasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan kelishilishi koʻrsatilgan boʻlsada, vakolatli organlar bilan kelishilmagan va toʻplangan hujjatlar Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahrida yer uchastkalari berish amaliyotini oʻrganish boʻyicha komissiyasiga yuborilmagan.

Sudlar tomonidan ushbu holatlar eʼtiborga olinmagan.

Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Shaharsozlik norma va qoidalari SHNK 2.07.01-03* Shaharsozlik, shahar va qishloq aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurilishni rejalashtirish, 21.1-bandi talabida koʻp xonadonli turar-joy uylarining uzun tomonlari oʻrtasidagi masofalar quyidagicha qabul qilinishi lozimligi, balandligi 4-5 qavatli boʻlgan turar joy uylari uchun 25-30 metrdan kam boʻlmagan, yashash xonalarida derazalari boʻlgan ushbu binolarning uzun tomonlari va yon tomonlari uchun 10 m.dan kam boʻlmagan oraliq masofalar belgilab qoʻyilganligiga izoh sifatida mavjud mavzelarning koʻp xonadonli binolari oraligʻida, maxsus bino va inshootlardan (sport maydonlari, bolalar oʻyin maydonchalari, kiyim-kechak quritish maydonchalari, avtomobillarning vaqtinchalik toʻxtash joylari) tashqari, har qanday boshqa maqsadli obyektlarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan.

Biroq, ushbu SHNK qoidalariga rioya qilinmagan holda “Building and Supplies” MCHJga koʻp qavatli turar-joy qurish uchun 0,50 ga yer maydoni ajratib berilganligi holati sudning eʼtiboridan chetda qolgan.

Sud qarorlariga nisbatan Bosh prokuratura tomonidan nazorat tartibida keltirilgan protest Oliy sud Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan koʻrib chiqilib, 2020-yil 21-mayda quyi instansiya sudi qarorlari bekor qilinib, fuqaro O.Pyanovskaya va boshqalarning arizasini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilindi.

Bosh prokuraturaning protesti asosida fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер