Toshkent davlat agrar universitetida senatorlar ishtirokida yoshlar bilan muloqot boʻlib oʻtdi
Toshkent davlat agrar universitetida Oliy Majlis Senati aʼzolari Shavkat Ayupov va Sodiqjon Turdiyev ishtirokida talabalar va faol yoshlar bilan muloqot tashkil etildi.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlarning taklif va tashabbuslarini tinglash, ular bilan toʻgʻridan-toʻgʻri fikr almashish hamda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini ularga batafsil tushuntirish boʻldi.
Muloqotda taʼlim sifatini oshirish, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallash uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, yoshlarning bandligini taʼminlash, startap va tadbirkorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari haqida soʻz yuritildi. Shuningdek, senatorlar qonunchilikda yoshlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normalar va amaldagi dasturlar yuzasidan maʼlumot berdi.
Suhbat jarayonida “Oʻzbekiston–2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarga ham toʻxtalib oʻtilib, agrar sohada innovatsion yondashuvlarni kengaytirish, raqamli yechimlarni joriy etish, ilm-fan va amaliyot uygʻunligini kuchaytirish orqali malakali mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida urgʻu berildi.
Tadbir interaktiv shaklda oʻtib, ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar, amaliy takliflar va tashabbuslar bilan faol qatnashdi. Koʻtarilgan masalalar yuzasidan izoh va tushuntirishlar berildi, ayrim takliflar boʻyicha amaliy ishlashga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida senatorlar yoshlarni faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishga, tashabbuskor boʻlishga va oʻz salohiyatini mamlakat rivojiga safarbar etishga chaqirdilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring