“Toshkent” aeroportining maxsus texnika parki yangi mashinalar bilan toʻldirildi
“Uzbekistan Airports” aviakompaniyasi 35 tonnagacha yuk koʻtarish quvvatiga ega, samolyot bortiga va undan yuk ortish/tushirish uchun Germaniyada ishlab chiqarilgan ikkita yangi konteyner yuklagich xarid qildi.
Ushbu texnikaning yuklarni koʻtarish maksimal balandligi 5,6 metrni tashkil etadi, bu esa har qanday samolyotga, barcha turdagi konteynerlar va palletlarni yuklash imkonini beradi. Bundan tashqari, yangi mashinalar orqa platformadagi palletlar va konteynerlarni avtomatik ravishda aylantirish imkoniyatiga ega, bu esa oʻz navbatida havo bandargohining ish unumdorligini oshiradi.
“Zamonaviy aeroportning uzluksiz ishlashi bevosita yuk oqimlarini boshqarish qobiliyatiga bogʻliq. Yangi konteyner tashuvchilarning unumdorligi shu kabi yerda xizmat koʻrsatish mashinalariga qaraganda 40% yuqori. Yangi maxsus jihozlardan foydalanish havo kemalariga xizmat koʻrsatish vaqtini qisqartiradi va havo bandargohi samaradorligini oshiradi”, — deyiladi “Uzbekistan Airports” maxsus transport xizmati xabarida.
Eslatib oʻtamiz, 2022-2023-yillarda “Uzbekistan Airports” tomonidan Toshkent aeroportining ekspluatatsion faoliyatini yaxshilash maqsadida aerodrom majmuasida universal tozalash mashinalari, havo kemalarini muzdan tozalash moslamalari, havo kemalari buksirlari, yuk tashuvchi texnika va boshqalar xarid qilingan edi. 2023-2024-yillarga moʻljallangan rejalarda aeroportlarni yangi turdagi maxsus transport vositalari va havo kemalariga yer ustida xizmat koʻrsatish vositalari bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring