Toʻraqoʻrgʻonda “Gazetalar kuni” oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Matbuot barcha zamonlarda davlat bilan xalq oʻrtasida maʼnaviy koʻprik vazifasini bajarib kelgan. Ijtimoiy tarmoqlar paydo boʻlgandan soʻng bosma nashrlarga ehtiyoj susaygandek boʻlsada, gazeta-jurnallarning hamisha oʻz muxlisi va oʻquvchisi bor. Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanida oʻtkazilgan “Gazetalar kuni” maʼnaviy-maʼrifiy tadbirida ayni mavzu kun tartibiga qoʻyildi.

Tuman hokimi Ahrorbek Mansurov oʻz soʻzida aholi maʼnaviyatini yuksaltirish, milliy gʻoya targʻibotida ommaviy axborot vositalari, xususan, kundalik matbuotning oʻrni va ahamiyati katta ekanligini eʼtirof etdi.
Mushtariylar bilan muloqotda respublika “Xalq soʻzi”, “Yangi Oʻzbekiston”, “Qishloq hayoti” gazetalarining Namangan viloyati boʻyicha muxbirlari, “Namangan haqiqati” va “Namanganskaya pravda”, tuman hokimligining “Davr” gazetalari bosh muharrirlari soʻz olib, oʻz nashrlarining muhim jihatlari, shuningdek, ijodiy jamoalarning yaqin kelgusidagi rejalari haqida oʻrtoqlashdilar.

— Mustaqilligimiz tengdoshi boʻlgan “Xalq soʻzi” gazetasi tahririyati bilan mustahkam aloqa oʻrnatganmiz, — deydi tuman hokimining oʻrinbosari Ikromjon Parpiyev. — Hududimiz hayotini faol targʻib etish, ilgʻor tajriba va muvaffaqiyatlarimizni ommalashtirishda mamlakat bosh nashrining xizmati katta. Toʻraqoʻrgʻonliklar koʻpchiligining gazetaga chin dildan oshno ekanliklarining boisi ham shunda.
Uchrashuvda ishtirok etgan faol gazetxonlar nashrlar mazmun-mundarijasini yanada boyitish, ular sahifasida kichik hajmdagi tezkor axborotlarni koʻpaytirish, mavzularda innovatsion yangiliklarni koʻproq qamrab olish yuzasidan oʻz takliflarini bildirdilar.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring