Toʻra Bobolov Yoshlar parlamenti aʼzolari bilan uchrashdi

19:54 24 Dekabr 2020 Jamiyat
1096 0

Joriy yilning 2-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoniga yana-da kengroq jalb etish maqsadida Oliy Majlisning har ikkala palatasi huzurida Yoshlar parlamentlari tashkil etilgandi. Yurtimizda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 11 mingdan ziyod yoshlar orasidan 250 nafar Yoshlar parlamenti aʼzo saylangan.

Surxondaryolik yoshlar parlamenti aʼzolari bilan Termiz tumanidagi “Marvarid” sanatoriysida oʻtkazilgan uchrashuvda taʼkidlanganidek, mamlakatimizda yosh avlod manfaatlarini toʻlaqonli himoyalash, ularning taʼlim olishi, intellektual salohiyatlarini oshirish, iqtidor va qobiliyatlarini namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Binobarin, yoshlarga oid davlat siyosati ijrosini taʼminlashga bevosita daxldor 40 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingan. Ayniqsa, Yoshlar parlamenti faoliyati yurtimiz yoshlarining siyosiy-huquqiy faolligini oshiruvchi va qonun ijodkorligi yuzasidan koʻnikmalarini boyituvchi platforma boʻlib xizmat qilmoqda.

Uchrashuvda Yoshlar parlamenti aʼzolari tengdoshlari erishayotgan yutuq va natijalar, kundalik hayotdagi ayrim muammolar haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi. Jumladan, mahalliy hokimliklar huzuridagi vasiylik va hokimiylik, voyaga yetmaganlar ishlari komissiyalari faoliyatini yana-da yaxshilash, yosh tadbirkorlarga yaqindan koʻmak berish, mahalliy kengashlar sessiyalarida Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirokini taʼminlash kabi masalalar shular jumlasidandir.

— Yosh yigit-qizlarni qoʻllab-quvvatlash bizning doimiy eʼtibor markazimizda boʻladi, — dedi uchrashuvda viloyat hokimi Toʻra Bobolov. — Yakunlanayotgan yilda shahar va tumanlar, hatto eng chekka qishloqlarda boʻlib, shaxsan oʻzim koʻp marotaba yoshlar vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdim. Ularning maqsad-intilishlari, oʻy-niyatlari va tabiiyki, joylardagi mavjud muammolarni oʻrgandik. Yoshlar ishtirokidagi loyiha va tashabbuslarni hayotga tatbiq etishga yaqindan koʻmak berdik. Bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatimiz bundan keyin ham muntazamlik kasb etadi, biz, mutasaddilar mudom yoshlar orasida boʻlamiz.

Uchrashuv yakunida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda koʻrsatayotgan tashabbuskorligi, vohada yoshlarga yuksak eʼtibor qaratayotgani hamda Yoshlar parlamenti aʼzolari faoliyatini har taraflama qoʻllab-quvvatlayotgani uchun Surxondaryo viloyati hokimi T. Bobolovga Yoshlar parlamenti raisi J.Boboyevning tashakkurnomasi topshirildi.

Ilhom Rahmatov,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер