Toʻqsonbostining strategik ahamiyati

17:35 12 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
2578 0

Toʻqsonbosti erta koʻklam, ilikuzdi kezlarida aholi dasturxonini sabzavot va servitamin koʻkatlar bilan toʻldirish, pirovard natijada bozorlarda narx-navo barqarorligining omili.Shuningdek, Respublikamiz Prezidentining joriy yil 15-oktyabrdagi “Sarimsoqpiyoz hamda toʻqsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida sarimsoqpiyoz yetishtirish va eksport qilish hajmlarini koʻpaytirishning oʻta maqbul manbai sifatida ham tavsiya etilgan.

Shu asosda Navoiy viloyatida ham 2021-yil hosili uchun joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz hamda noyabr-dekabr oylarida “toʻqsonbosti” usulida jami 2127 gektar maydonga piyoz, sarimsoqpiyoz, koʻkatlar ekilishi rejalashtirilgan. Oktyabr oyiga qadar rejada boʻlgan 286 gektar oʻringa 288 gektar yerga piyoz va sarimsoqpiyoz ekildi. Ularning 61 gektari ochiq maydonga toʻgʻri kelsa, qolganini bogʻ qator oralariga ekilgan ekinlar tashkil etadi.

Ayni kunlarda noyabr-dekabr oylari uchun belgilangan toʻqsonbosti usulida ekish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.

 Respublika Vazirlar Mahkamasining joriy yil 19-sentyabrdagi “2021-yil hosili uchun 2020-yilning sentyabr-oktyabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz hamda noyabr-dekabr oylarida “toʻqsonbosti” usulida eksportbop sabzavot ekinlarini ekish, talab etiladigan moddiy-resurslarini yetkazib berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi yigʻilish bayonida Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ekinlarni oʻz vaqtida kechiktirmay ekish, bu borada sustkashlikka yoʻl qoʻyilmasligi uchun nazorat tadbirlari bilan birga amaliy koʻmak berish vazifalari ham yuklatilgan,  deydi “Oʻzagroinspeksiya” Navoiy viloyati boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Zulfiya Boboyeva. – Shu asosda viloyatda toʻqsonbosti ekinlari uchun zarur boʻlgan 30 tonna piyoz, 0,1 tonna sabzi, 0,4 tonnasi koʻkat urugʻligi tayyorlandi. Shuningdek, ularni ekish va yerga ishlov berish bilan bogʻliq agrotexnik tadbirlarni koʻngildagidek oʻtkazish maqsadida texnikalar uchun 1,6 million soʻmlik 223 tonna yoqilgʻi-moylash materiallari, 4,2 million soʻmlik 0,6 tonna azotli, fosforli va kaliyli oʻgʻitlar zaxirasi zarurligi hisobga olinib, ular peshma-pesh yetkazib berilmoqda.

— Noyabr-dekabr oylarida viloyat boʻyicha jami 1841 gektar maydonga toʻqsonbosti usulida ekin ekish rejaga kiritilgan, — deydi “Oʻzagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi katta inspektori Abbos Rizoqulov. – Boshqarma va tuman boʻlimlari xodimlari tomonidan yerlarni ekishga tayyorlanishi boʻyicha nazorat olib borilyapti. Hududlarda fermerlar bilan uchrashib, ekin ekilish vaqti kechiktirmasligi toʻgʻrisida ogohlantirilyapti. Hozirga qadar viloyat boʻyicha 584 gektar yer ekishga tayyorlandi. Shundan 376 gektariga piyoz va bir gektariga turli koʻkatlar urugʻi ekildi. Ekilgan yerning 29 gektari ochiq maydonga, 348 gektari bogʻ-tok qator orasiga toʻgʻri keladi. Ekinlarni unishi, parvarishi, hosildorlikka erishish tadbirlari boʻyicha ham fermerlarga tavsiyalar berilmoqda.

Viloyatning dehqonchilik uchun qulay hududlaridan biri sanalgan Xatirchi tumanida noyabr-dekabr oyida 376 fermerning 503 gektar maydonga toʻqsonbosti usulida ekin ekish rejalashtirilgan.

— Fermer xoʻjaligimiz yeridan unumli foydalanib kelamiz, - deydi tumandagi “Toʻxta bobo” fermer xoʻjaligi raisi Begzod Toʻxtayev. – Sentyabr-oktyabr oyida 70 sotix ochiq maydonga piyoz, 10 sotix bogʻ-tok qator orasiga sarimsoqpiyoz ekkandik. 35 tonnadan ortiq piyoz hosili olishni moʻljallab turibmiz.

— Toʻqsonbosti moʻmay pul, — deydi tumanning “Oq oltin” massivida joylashgan “Hoji bobo” fermer xoʻjaligining rahbari Abdugʻani Aliyev. – Xoʻjaligimizning umumiy maydoni 70 gektar boʻlsa, 50 gektarini paxta, gʻalla maydoni, yana 5 gektarini lalmi yer va 15 gektarini bogʻ tashkil etadi. Joriy yil olma, oʻrik, yongʻoqzordan iborat bogʻ qator oralariga piyoz, sarimsoqpiyoz ekdik. Koʻklamdayoq pulini oldik. Qoʻlingda naqd puling boʻlsa, paxtayam, gʻallayam baravj boʻlarkan.

Bu yil esa yana 30 sotix maydonga qulupnay ekyapmiz. Bundan tashqari, 1 gektar yerga urugʻlik piyoz ekishni moʻljallab turibmiz. Oktyabrda yana 1 gektar bogʻ orasiga sedana urugʻidan qadadik. Bu juda foydali, dorivor oʻsimlik hisoblanadi. Kelasi yil bahorda yetishtirilgan mahsulotlarimizni bozorga olib chiqamiz. Xaridorini topib, eksport ham qilamiz.

Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, viloyat fermer xoʻjaliklarida toʻqsonbosti usulida eksportbop sabzavot ekinlarini ekish hisobiga jami 48 ming 526 tonna miqdorida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirilib, shundan 4 ming 513 tonnasi eksportga va 44 ming 13 tonnasi ichki bozorlarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Toʻqsonbosti fermer va dehqonga kutilmagan daromad keltirishi bilan birga bozorlarimizda narx-navo barqarorligini taʼminlovchi muhim manba sifatida aholi roziligi va ertangi kunga ishonchining mustahkam omili hamdir. Shu bois “Oʻzagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi hamda tuman boʻlimlari inspektorlari kuzgi qishki ekishni kechiktirmaslik, sifatli tashkil etish boʻyicha nazorat tadbirlarini olib borishib, bu borada dehqonlar roʻbaroʻ kelayotgan muammolarni joyida hal qilishmoqda.

Temur ESHBOYEV
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер