Toqayev Nazarboyevni barcha imtiyozlar va millat yetakchisi maqomidan mahrum qildi

23:37 16 Fevral 2023 Dunyo
2270 0

Foto: Reuters

Toqayev Qozogʻistonning birinchi prezidenti va millat yetakchisi Nursulton Nazarboyev haqidagi qonunni bekor qildi

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev respublikaning birinchi prezidenti va millat yetakchisi toʻgʻrisidagi qonunni bekor qilish toʻgʻrisidagi qonunni imzoladi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Qozogʻistonda 2022-yil iyun oyida referendumda fuqarolar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kuchga kirdi. 

Oʻzgartirishlar qatorida mamlakatning asosiy qonunidan birinchi prezident Nursulton Nazarboyevga oid barcha havolalarni olib tashlash ham bor. Xususan, konstitutsiyaning 46-moddasidan birinchi prezidentning maqomi va vakolatlari konstitutsiya va tegishli konstitutsiyaviy qonun bilan belgilanadi, degan band olib tashlandi. 

Konstitutsiyaviy sud Nazarboyev nomi va unga bagʻishlangan qonunning konstitutsiyadan chiqarib tashlanishini hisobga olib, qonunni amaldagi qonunchilikdan olib tashlash zarur, deb topdi. Parlament aʼzolari oʻtgan juma kuni tegishli hujjatni qabul qilib, davlat rahbariga imzolash uchun yuborgan.

Qozogʻistonni qariyb 30 yil boshqargan Nazarboyev 2019-yilning 20-martida prezidentlikdan isteʼfoga chiqqan edi. Ayni paytda birinchi prezident toʻgʻrisidagi qonun unga bir qator vakolat va imtiyozlar bergandi. Xususan, davlat qurilishi, ichki va tashqi siyosat, mamlakat xavfsizligini taʼminlashning eng muhim masalalari boʻyicha tashabbus bilan xalqqa, davlat organlari va mansabdor shaxslarga umrbod murojaat qilish huquqiga ega edi. Shuningdek, unda parlament oldida, hukumat yigʻilishlarida mamlakat uchun muhim masalalar muhokama qilinayotganda soʻzga chiqish huquqi ham bor edi.

Bundan tashqari, birinchi prezident va u bilan birga yashovchi oila aʼzolarining, shuningdek, u tomonidan tashkil etilgan yuridik shaxslarning mol-mulkiga cheklashlar oʻrnatilishi mumkin emasligi toʻgʻrisidagi qoida ham bekor qilinadi. Qonunning bekor qilinishi bilan birinchi prezident va u bilan birga yashayotgan oila aʼzolarining bank siri va bank hisobvaraqlari daxlsizligi kafolatlari toʻgʻrisidagi nizom ham oʻz kuchini yoʻqotadi. Shu bilan birga, birinchi prezident toʻgʻrisidagi qonun bekor qilingandan soʻng Nazarboyev «Elbasi» (millat yetakchisi) maqomidan mahrum boʻldi.

Birinchi prezident toʻgʻrisidagi qonun bekor qilingandan soʻng Nazarboyevga “Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti toʻgʻrisida”gi qonunning barcha sobiq prezidentlar bilan taʼminlashni tartibga soluvchi qoidalari amal qiladi.

U barcha sobiq prezidentlar singari parlament palatalarining qoʻshma majlislarida, davlat rahbarining lavozimiga kirishishiga bagʻishlangan tantanali yigʻilishlarda, davlat bayramlari va hokimiyat tomonidan oʻtkaziladigan boshqa tadbirlarda qatnashish huquqiga ega boʻladi.

Qonun bekor qilingandan keyin Nazarboyev alohida qoʻllab-quvvatlanmaydi, jumladan, shtatli idora va davlat xavfsizlik xizmatining maxsus boʻlinmasi tomonidan qoʻriqlanmaydi.

Sobiq prezidentlarga faqat kvartira va zarur xizmatlar koʻrsatilgan davlat hovli uyi, tansoqchilar, haydovchilar bilan shaxsiy avtomashina, shuningdek, mamlakat boʻylab bepul sayohat qilish, tibbiy yordam va kurortlarda davolanish koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер