Tomorqalarda limon va uzum yetishtirish ommalashadi
Otabek ISROILOV/“Xalq soʻzi”. Toshkent viloyatida aholi tomorqasida limon va uzum yetishtirish ommalashtiriladi. Bu boʻyicha Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tegishli qarorni imzolandi.
Toshkent viloyatining Parkent tumanida uzumchilik va Qibray tumanida limonchilik boʻyicha katta tajriba toʻplangan. Shuni alohida eʼtiborga olib, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, ekinlarni joylashtirish, mahallalarga biriktirish, koʻchat va urugʻlarni yetkazib berish boʻyicha viloyatda saʼy-harakatlar boshlangan.
Jumladan, 2025-yildan boshlab viloyat hududidagi 118 mingdan ziyod aholi xonadonlarining tomorqalarida limon va uzum koʻchatlarini ekish ishlari ommalashtiriladi. Bu jarayonda Tomorqa xizmat korxonalari, fermer xoʻjaliklari va boshqa tadbirkorlik subyektlari aholiga koʻmaklashadi. Reja boʻyicha ushbu yoʻnalish uchun Boʻka, Parkent, Ohangaron, Bekobod, Piskent, Toshkent, Yangiyoʻl, Oʻrta Chirchiq, Boʻstonliq va Qibray tumanlari tanlab olingan.
Shu bilan birga, har bir tumanda tomorqadan yetarli tarzda foydalanmayotgan mahallalar ajratib olinib, ularga mahalla xodimlari biriktiriladi. Meva-sabzavot yetishtirilishi qatʼiy nazorat qilinadi.
Oʻz navbatida, Oqqoʻrgʻon, Boʻka, Oʻrta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Parkent kabi tumanlarning ayrim suv taʼminoti ogʻir hududlarida tomorqa yer maydonlarini sugʻorish uchun vertikal quduqlarni burgʻilash orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish ham moʻljallangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring