Tomorqa xoʻjaligida mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolarning mehnat stajini hisoblash yanada soddalashtiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlikni qisqartirishga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan Soliq kodeksiga savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari, boshqa yakka tartibdagi tadbirkorlar xodimlari uchun toʻlanishi lozim boʻlgan ijtimoiy soliq summasini yiliga bazaviy hisoblash miqdorining olti barobaridan bir baravari miqdorigacha kamaytirilishi nazarda tutilyapti.
Shuningdek, shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida ayrim faoliyat turlari bilan shugʻullanayotgan fuqarolar uchun tomorqa yer uchastkasi maydoni va parvarish qilinayotgan uy hayvonlari, parrandalarning sonidan qatʼiy nazar ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq toʻlash imkoniyatini nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi bilan “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga ham tomorqa xoʻjaligida mehnat faoliyatini tartibga soluvchi tegishli oʻzgartish kiritilyapti.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qilinishi orqali yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar, tomorqa xoʻjaligida mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolarning ijtimoiy soliq toʻlovlari va ularning mehnat stajini hisoblashni yanada soddalashtirishga hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yanada koʻproq ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring