“Tolibon” afgʻon faollari va jurnalistlar bilan muzokaralar oʻtkazdi
Foto: Reuters
Ayni kunlarda Yevropada boʻlib turgan “Tolibon” harakatining ilk rasmiy delegatsiyasi Afgʻoniston fuqarolik jamiyati vakillari bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Norvegiya poytaxti Osloga 22-yanvar kuni kechqurun Afgʻoniston muvaqqat hukumatining tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan Amir Xon Moʻttaki boshchiligidagi delegatsiya yetib kelgan edi. Maslahatlashuvlar 25-yanvarga qadar davom etadi. Bu “Tolibon” va Gʻarb davlatlari oʻrtasidagi ilk rasmiy muzokaralar hisoblanadi.
Muzokaralarning birinchi kunida “Tolibon” faol afgʻon ayollari va jurnalistlar bilan uchrashdi. Norvegiya vositachiligidagi muzokaralar yopiq eshiklar ortida oʻtdi.
Yaqin ikki kun ichida harakat vakillari Gʻarb diplomatlari bilan uchrashishi kutilmoqda. Xususan, bugun AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya va Yevropa Ittifoqi vakillari, seshanba kuni esa Norvegiya rasmiylari bilan ikki tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtadi.
2021-yilning avgust oyida AFgʻonistonda hokimiyatni qoʻlga olgan “Tolibon” xotin-qizlarga nisbatan bir qator cheklovlar oʻrnatdi. Jumladan, qizlarning maktabga borishini cheklandi, ayol teleboshlovchilardan hijob oʻrashni talab qilindi, mahalliy telekanallarga ayollar ishtirokidagi filmlarni namoyish etish, shuningdek, shifokorga erkaklar hamrohligisiz kelgan ayollarni davolash taʼqiqlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring