Toyloqda 2030-yilgacha 43 ta 16 qavatli uy quriladi
Foto: “Xalq soʻzi”
Abdulaziz Yoʻldoshev/ “Xalq soʻzi”. Soʻnggi yillarda aholining yuqori oʻsish surʼati va iqtisodiy faollikning ortishi sharoitida uy-joyga boʻlgan talab ham oʻsib bormoqda.
Masalan, birgina Samarqand viloyati Toyloq tumanida 2019-yilda aholi soni 200,4 ming kishini tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatgich 221,1 ming kishiga yetdi. Bu keyingi 5-yilda tuman aholisi 12,9 foizga yoki 17,1 ming nafarga oshdi, deganidir.
Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, yosh oilalar, kam taʼminlangan, nogironligi boʻlgan va boshqa uy-joyga muhtoj oilalar uchun tumanda 2010-2023-yillarda 2324 ta xonadonlar qurib, foydalanishga topshirildi. Jumladan, 2010-2016-yillar davomida 674 ta 6 sotixli uy-joylar, 2017-2023-yillar davomida esa 1650 ta xonadonlar qurib, foydalanishga topshirildi.
Birgina tuman markazidagi “Charogʻbon” massivida 2019-2023-yillarda 1236 xonadonli 21 ta koʻp qavatli uy-joy qurib bitkazildi.
Tumanda kam taʼminlangan, oilaviy sharoiti ogʻir boʻlgan oilalar hamda xotin-qizlar uchun 96 ta xonadon ajratilgan boʻlsa, uy-joyi mavjud boʻlmagan yosh oilalar, uy-joyga muhtoj boʻlgan 460 nafar fuqarolarga subsidiya asosida xonadonlar ajratilib, 10,8 milliard soʻmlik boshlangʻich badallari toʻlab berilgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-martdagi “Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Toyloq tumanidagi Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining foydalanmay kelinayotgan jami 27,4 gektar yer uchastkasi belgilangan tartibda zaxiraga olinishi, davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, onlayn-autsionga chiqarilishi belgilangan.
— Charogʻbon mahallasida joylashgan ushbu maydon boʻyicha ishlab chiqilgan rejaga muvofiq, 2023-2030-yillarda jami 43 ta koʻp qavatli uy-joy, shundan 43 ta 16 qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan, — deydi tuman hokimligi mutaxassisi Xurshid Toʻxtayev. — Hozirda 4 ta 16 qavatli uylar qurilishi boshlangan. Shuningdek, massivda 1200 oʻrinli maktab, 360 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti, uch qavatli savdo markazi, IT park va yoshlar markazi, mahalla binosi, oilaviy poliklinika, nuroniylar choyxonasi, maishiy xizmat koʻrsatish binolari, 1 ta 9-qavatli 1200 oʻrinli va uy-joylar oldida 520 oʻrinli jami 1720 oʻrinli avtoturargohlar qurilishi belgilangan.
Bundan tashqari, tumanning Bogʻichinor mahallasida 11 ta koʻp qavatli uy-joy qurilishi koʻzda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring