Togʻ bagʻridagi Bogʻcha qishlogʻi obod maskanga aylanmoqda
Foto: "Xalq so'zi"
Yangi yilda Surxon vohasining qator shahar va tumanlarida yangi ijtimoiy obyektlar, madaniy-maishiy, savdo, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish shoxobchalari ishga tushirildi. Jumladan, viloyat markazidan 250 km uzoqlikdagi Sariosiyo tumani “Sangardak” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan Bogʻcha qishlogʻida yangi maktab, maktabgacha taʼlim tashkiloti, tibbiy punkt va kutubxona foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Surxondaryo viloyat hokimi T. Bobolov, sektorlar rahbarlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, uzoq togʻli hududda joylashgan Bogʻcha qishlogʻida bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish uchun 8,7 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Xususan, 44-umumtaʼlim maktab zamon talablariga mos mukammal taʼmirlandi va 80 oʻrinli qoʻshimcha oʻquv binosi hamda sport zal barpo etildi. Shuningdek, 40 oʻrinli bolalar bogʻchasi, tibbiy punkt va kutubxona qishloq koʻrkiga yanada koʻrk bagʻishladi. Ayni paytda qishloqda 22 km masofada yoʻl qurish ishlari davom ettirilmoqda.
— Qishlogʻimiz bilan tuman markazi orasi 90 km. Rosti, oʻtgan davrda oʻz holiga tashlab qoʻyilgan qishlogʻimiz endi kun sayin obod maskanga aylanayotanidan xursandmiz, — deydi bogʻchalik mehnat faxriysi Allaberdi Bekov. — Mana, bugun topshirilgan yangi binolar qishloq ahli, ayniqsa, yoshlarimiz uchun katta qulaylik yaratadi.
Inshootlar taqtimoti sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlarga ulanib, barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring