Tilga eʼtiborsiz – elga eʼtiborsiz!

15:47 04 May 2020 Jamiyat
3259 0

Soʻnggi paytda, farzandimni rus bogʻchaga beraman, rus sinfga berdim, degan gaplar qulogʻimizga tez-tez chalinib qolmoqda. Millat kelajagi yoshlar qoʻlida ekan, ularni millat tili boʻlgan oʻzbek tiliga boʻlgan munosabatini, eng avval, oiladan boshlash darkor.

Oʻzbek tili – millat tili. Nega endi, biz shu jonajon Vatanda oʻsib-ulgʻayib, yashab turib, oʻz ona tilimizda gaplashmasligimiz kerak. Buning uchun turli bahonamiz ham yetarli. Baʼzi oʻzbek oilalarida ota-ona rus tilida gaplashib, farzandlarini ham ushbu tilda gaplashishga faol undaydi. Ularga koʻra, rus tilini bilgan bolaning dunyoqarashi keng boʻlar ekan. Shu oʻrinda, oʻz ona tilini bilmaydigan bolaning dunyoqarashi nechogʻlik keng boʻladi, degan oʻrinli savol tugʻiladi. Eng avvalo, ota-onalarni oʻzini ona tiliga hurmat borasida tarbiyalash lozim.

Shu oʻrinda, Prezidentimizning yaqinda “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini imzolagani millat tarixi, millat tili bayramining nishonlanishi uchun muhim qonuniy asos boʻldi.

21-oktyabr — Oʻzbek tili bayrami kuni. Ushbu kunni alohida bayram sifatida nishonlanishi qariyb 30 yildan beri kutilayotgan edi. Davlat rahbari tomonidan imzolangan mazkur qaror tarixiy voqea boʻldi.

Oʻz navbatida jamiyatda tilimizning mavqeini yana-da mustahkamlash borasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilinib, departament taklif va tashabbusi bilan Atamalar komissiyasi tuzildi.

Shu bilan bir qatorda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi qaroriga koʻra, barcha davlat organlari, vazirliklar va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimi tashkil qilindi.

Barcha davlat idoralari hamda vazirliklarda ushbu lavozimga filologiya va jurnalistika sohasida samarali faoliyat yuritgan, boy tajribaga ega boʻlgan, malakali xodimlarni ishga olinishi koʻzda tutilgan.

Ushbu yangi lavozim barcha davlat organlari va vazirliklarda joriy etilganligi toʻgʻrisidagi xabarlarni tez-tez oʻqib turibmiz. Shu oʻrinda, oʻrinli savol tugʻiladi. Yangi joriy etilgan lavozimga qabul qilinayotgan xodimlarni belgilangan mutaxassislik asosida ishga qabul qilinishini kim nazorat qiladi?

Albatta, ushbu muhim lavozimga muayyan bir xulosa va attestatsiya natijasida ishga qabul qilish til sohasidagi yangi oʻzgarishlar uchun xizmat qiladi.

Amaliy tajriba sifatida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori sohada yangi oʻzgarishlar uchun qonuniy asos boʻldi.

Mazkur qaror necha yillardan buyon nomigagina matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritgan, matbuot kotibi sifatida rasmiy faoliyat yuritishi uchun alohida shtat yoʻqligi sababli maʼlum bir lavozimga olinib, lekin matbuot kotibi sifatida ish faoliyatini yuritgan matbuot kotiblari uchun oʻziga xos muhim yangilik, tarixiy voqelik boʻldi. Shu bilan birga, matbuot kotiblari zimmasiga ham masʼuliyatli vazifalar yuklandi. Vazifalarning ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) masʼul tashkilot sifatida belgilangan.

Mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, barcha davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, vazirliklar, hokimliklarda Axborot xizmati faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ular uchun yetarli va zaruriy sharoitlar yaratib berildi. Lekin, ushbu sharoitlar barcha idoralarda birdek yaratilgan, deya olmaymiz.

Shu oʻrinda, qaror binoan, davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari xodimlari ustuvor ravishda jurnalistika sohasida oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar orasidan lavozimga tayinlandi va mazkur lavozimga tayinlangan matbuot kotiblari Agentlik (AOKA) tomonidan attestatsiyadan oʻtkazildi. Attestatsiya ochiqlik tamoyillari asosida oʻtkazilib, davlat idoralari va tashkilotlari matbuot kotiblarining attestatsiya natijalari eʼlon qilindi.

Matbuot kotiblariga Agentlik attestatsiyasidan oʻtganligi toʻgʻrisida maxsus sertifikatlar topshirildi. Bu esa, ularning sohadagi mustaqil faoliyati uchun asos boʻldi. Bugungi kunga kelib, aytishimiz mumkinki, barcha davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda vazirlik va hokimliklar faoliyati yuzasidan toʻliq maʼlumot olishingiz, ularning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi bilan yaqindan tanishishingiz mumkin.

Shu oʻrinda, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimiga tayinlash departament xulosasiga koʻra olinadimi, degan savolga javob berish lozim.

Yangi lavozimga tayinlangan xodim uchun tashkilotlar tomonidan rahbar oʻrinbosarlariga tenglashtirilgan barcha vakolatlar berilishi nazarda tutilgan va bu bugungi kunda amaliy ijrosini topmoqda.

Shu oʻrinda, mazkur muhim lavozimga sohada faoliyat yuritgan filolog va jurnalistlar ishga qabul qilinsagina, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning ijobiy samarasi yaqqol koʻrinishini taʼkidlash joiz. Bu jarayon esa, xuddi matbuot kotiblarining tegishli xulosa asosida ishga olinib, attestatsiya qilinishi esa sohaning rivoji uchun xizmat qiladi, deb oʻylayman.

Bu borada, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligini misol qilib keltirmoqchiman. Mazkur lavozimga tayinlagan Shahnoza Soatova faoliyatini nafaqat filologiya sohasi vakillari, balki barcha jurnalist blogerlar ham yaxshi taniydi. U filologiya sohasida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan mutaxassis. Shahnoza Soatovaning mazkur lavozimga ishga olinishi maʼnaviy-maʼrifiy sohaga va davlat tiliga oid qonun hujjatlariga soʻzsiz rioya etilishi, qonun hujjatlarining oʻzbek tilida yuritilishini taʼminlaydi.

Joriy yilning 9-mart kuni “Geografik obyektlarning nomlarini, shuningdek, jamoat joylari, koʻchalar, binolar peshtoqidagi turli lavha va reklamalarning qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirish masalalari hamda joylarda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi 34-son qarorining ijrosi”ga bagʻishlangan yigʻilishda aynan shu masalaga eʼtibor qaratildi va davlat tilini rivojlantirish chora-tadbirlarining ijrosiga oid qatʼiy talablar belgilandi.

Taʼkidlash joizki, oʻzbek tilining asl nufuzi va mavqeini yana-da mustahkamlashda til boʻyicha tegishli lavozimlarda fidoyi va tajribali soha mutaxassislarining faoliyat yuritishi taʼminlansa, ushbu yoʻnalishda salmoqli yutuqlarga erishiladi, sohada yangi oʻzgarishlarga xizmat qiladi. Zero, bu borada, amaliy tajribasi boy, til boʻyicha haqiqiy mutaxassislarning hissasini eʼtirof etishimiz lozim.

Shunday ekan, bizning ulardan umidimiz katta.

Hulkar JOʻRAYEVA,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер