Tibbiyot sohasida mehnat qilayotgan ustozlarga ehtirom koʻrsatildi
Yurtimizda bayramlar koʻp. Har birining oʻz oʻrni va ahamiyati bor. Lekin ular orasida Oʻqituvchi va murabbiylar kuni alohida ajralib turadi. Xalqimizning ustoz va murabbiylarga boʻlgan ehtiromi sabab 1-oktyabr kuni umumxalq bayram sifatida keng nishonlanmoqda.
Barcha sohalarda boʻlgani kabi tibbiyot tizimida ham ustoz-shogirdlik anʼanasi muhim oʻrin tutadi. Ayni paytda Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalarining minglab pedagog xodimlari qatorida Oʻzbekiston Qahramonlari, akademiklar va yetuk shifokor-professorlar borligi cheksiz faxr uygʻotadi.
Sogʻliqni saqlash vazirligida qutlugʻ ayyom oldidan tizimda koʻp yillar mehnat qilgan, el orasida obroʻ va hurmat qozongan bir guruh shunday soha vakillari uchun bayram tadbiri tashkillashtirildi.
Dastlab vazir A.Inoyatov yigʻilganlarni qizgʻin tabriklab, ularning milliy tibbiyotimiz rivojiga qoʻshgan salmoqli hissalarini eʼtirof etdi.
Bunday uchrashuv va muloqotlar yurtimizning barcha hududlarida tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlarda tizimda mehnat qilayotgan 80 nafardan ortiq ustozlar “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan, 160 nafarga yaqin soha fidoyilari Sogʻliqni saqlash vaziri tashakkurnomalari va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanishi kutilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring