Tezkor gidrometeorologik axborot: Togʻli hududlarda qor koʻchish xavfi eʼlon qilindi

10:51 07 Fevral 2025 Jamiyat
221 0

Oʻzbekiston Gidrometeorologiya xizmati agentligi 2025-yil 8-12-fevral kunlari kutilayotgan yogʻingarchilik va havo haroratining oʻzgarishi sababli respublikaning togʻli hududlarida qor koʻchish xavfi yuzaga kelishini maʼlum qildi.

Toshkent viloyatining Boʻstonliq, Ohangaron va Parkent tumanlaridagi Chotqol tizmasi togʻlarida hamda Namangan viloyatining Pop tumani hududlarida qor koʻchishi ehtimoli yuqori baholanmoqda.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu hududlarda qor qatlami yetarlicha qalin boʻlib, yogʻingarchilik natijasida yumshashi va togʻ yon bagʻirlarida sirpanish jarayonlarini kuchaytirishi mumkin.

Qor koʻchish xavfi eʼlon qilingan hududlarda yashovchi aholi, sayyohlar va avtomobil haydovchilaridan ehtiyot choralarini koʻrish soʻraladi. Togʻli hududlarga sayohat qilishni rejalashtirgan fuqarolar, alpinistlar va dam oluvchilarga belgilangan xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, zarurat boʻlmasa, togʻli hududlarga bormaslik tavsiya etiladi.

Shuningdek, yoʻl harakati qatnashchilari ham ehtiyotkorlikni oshirishi, qor koʻchishi xavfi mavjud boʻlgan yoʻllarda harakatlanishdan tiyilishi lozim.

Gidrometeorologiya xizmati agentligi va boshqa masʼul tashkilotlar tomonidan ushbu xavfning oldini olish va zarur choralarni koʻrish boʻyicha tegishli ishlar olib borilmoqda. Ob-havo sharoiti boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar muntazam eʼlon qilinishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер