Test sinovlarida bir maktabning 16 nafar bitiruvchisi maksimal ball toʻpladi
Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilgi davlat test sinovlarida eng yuqori — 189 ball toʻplashga muvaffaq boʻlgan 826 nafar abituriyentning 71 nafari Navoiy viloyatining yigit-qizlari hisoblanadi. Bu umumiy koʻrsatkichga nisbatan atigi 8,5 foiznigina tashkil etsada oʻtgan yilga nisbatan 77,5 foizga koʻp demakdir. Ayni chogʻda viloyat boʻyicha davlat test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar soniga nisbatan olinsa, anchagina salmoqli ekanligi oydinlashadi.
— Davlat test sinovlarida maksimal ball yigʻishda joriy yilda ham Navoiy shahridagi umumtaʼlim maktablari peshqadamligini saqlab qolishdi, — deydi Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi matbuot kotibi Nurali Hoshimov. — Unda eng yuqori natijaga erishgan 71 nafar oʻquvchining 34 nafari aynan Navoiy shahridagi umumtaʼlim maktablarida taʼlim olishgan. Qariyb yarmi, yaʼni 16 nafari esa shahardagi 11-maktabning bitiruvchilaridir.
Talabalikni muddatidan avval hal qilganlarning 29 nafari iqtisodiyot, 23 nafari tibbiyot, 7 nafari huquqshunoslik yoʻnalishlarini tanlashgan (qolgan 12 nafari texnika va pedagogika sohalari). Qizlar va yigitlar oʻrtasidagi bahs esa 44:27 koʻrinishida qizlar foydasiga. Bu borada ular qator yillardan buyon peshqadamlikni saqlab qolishmoqda.
Temur ESHBOYEV
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring