Termiz tumanida “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida ehtiyojmand oilalarga yer maydonlari ajratildi

09:19 04 Fevral 2026 Jamiyat
284 0

Termiz tumani Sabzipoya mahallasida “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida aholini daromadli mehnatga jalb etishga qaratilgan navbatdagi amaliy loyihaga start berildi. Dastur doirasida oʻrmon xoʻjaligi yer fondidan 10 gektar maydon ajratilib, 20 nafar ehtiyojmand oilaning har biriga 50 sotixdan yer maydoni biriktirildi. Ushbu yerlarda jami 30 ming tup tut koʻchati ekilishi rejalashtirilgan.

— Avvaliga tut koʻchatini ekib, uning daromadini qancha vaqt kutish kerak, degan oʻy koʻnglimdan oʻtdi, — deydi loyiha ishtirokchisi Dilrabo Jumayeva. — Ammo loyiha doirasida tut qator oralarida yeryongʻoq, poliz ekinlari, piyoz, sabzi va kartoshka kabi yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish, buning uchun subsidiyalar ajratish, shuningdek, tajribali dehqonlar orqali amaliy koʻnikmalar berish ham koʻzda tutilganini bilib, bu tashabbusning naqadar samarali ekaniga ishonch hosil qildik. Bu esa har bir oila uchun yiliga oʻrtacha 50–60 million soʻmgacha qoʻshimcha daromad manbai degani.

Loyihaga start berish tadbirida Ulugʻbek Qosimov hamda Erkin Muhitdinov ishtirok etdi. Ular yerdan oqilona foydalanish, koʻchatlarni toʻgʻri parvarishlash va mahsulotni barqaror daromad manbaiga aylantirish yuzasidan ishtirokchilarga amaliy tavsiyalar berdilar.

— Bu maydonlar shunchaki tutzor emas, balki aholi uchun doimiy daromad manbai boʻlishi kerak. Agar yerdan unumli va maqsadli foydalanilsa, hatto kichik maydon ham katta ijtimoiy samara berishi mumkin, — dedi viloyat rahbari.

Tadbir yakunida ilk koʻchat ekilib, loyiha rasman boshlandi.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер