Termiz xalqaro savdo markazi foydalanishga topshirildi

21:45 07 Noyabr 2022 Jamiyat
1263 0

Foto: Xalq so‘zi

Oʻzbekistonning Afgʻoniston chegara hududida Termiz xalqaro savdo markazi ochildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda  mahalliy va xorijlik tadbirkorlar, keng jamoatchilik vakillari  hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.  

Taʼkidlanganidek, mazkur xalqaro savdo markazi faoliyati Oʻzbekiston hamda Afgʻoniston oʻrtasida tovar va xizmatlarning erkin almashinuvini taʼminlashga qulay shart-sharoitlarni yaratadi.  Jumladan, Oʻzbekiston va Afgʻoniston chegarasiga yaqin joyda joylashgan Termiz xalqaro savdo markazining umumiy maydoni 260 000 kv. metrni tashkil etadi. Loyiha doirasida 4 mingdan ortiq doʻkon, ishlab chiqarish maydoni, eksport-import operatsiyalari boʻyicha logistika markazi, xalqaro tibbiyot markazi, mehmonxona va yotoqxona, restoranlar va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, shuningdek, sunʼiy suv havzasi boʻlgan keng koʻlamli dam olish maskanlari barpo etilyapti. Shuningdek, tadbirkorlar faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida alohida soliq va bojxona imtiyozlari hamda Afgʻoniston va boshqa qoʻshni davlatlar fuqarolari uchun 10 kun muddatga vizasiz maxsus rejim joriy etilgan.

 

Taqdimotdan soʻng Surxondaryo viloyati hokimligi va “Surxon sanoat qurilish” korxonasi hamkorligida tadbir ishtirokchilari uchun xalqaro savdo markaziga press-tur tashkil etildi. Uning ishtirokchilari loyihaning birinchi bosqichi doirasida faoliyatiga rasman start berilgan ikkita savdo bloki va undagi savdo doʻkonlari hamda xizmat koʻrsatish obyektlari, shuningdek, qurilishi davom ettirilayotgan ishlab chiqarish maydoni, logistika markazi, xalqaro tibbiyot markazi, mehmonxona va yotoqxona, restoranlar va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, shuningdek, sunʼiy suv havzasi boʻlgan dam olish maskanlarining qurilishi jarayonlari bilan yaqindan  tanishdi. Har bir inshoot boʻyicha atroflicha maʼlumotlar berildi.

Ilhom Rahmatov,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер