“Temur: soʻnggi hukmdorning quyoshi” — koʻrishga, koʻrsatishga arziydigan, sarflangan resurslarni oqlaydigan kino

16:00 06 Aprel 2026 Jamiyat
241 0

Kino sanʼatiga oʻzgacha mehr uygʻotgan ustozimiz Hamidulla Akbarov kurs yakunida “Endi sizlar har qanday kinoasarni oddiy tomoshabindek maza qilib koʻra olmaysizlar”, degandilar.

Chindan ham, shunday. Baʼzida muvaffaqiyatli chiqqan kartinalardan ham rohat ololmaysan, kishi. Asar oʻziga tortib ketolmaydi, ishontirolmaydi, tabiiyki, hayratga ham solmaydi. Lekin “Amir Temur” filmidan injiq tomoshabin oʻlaroq “qornim toʻydi”. Zaldagi ayrim tomoshabinlar shovqin-suroni, telefon chiroqlari, yosh bolalar yigʻisi — bularning hech qaysisi eʼtiborimni chalgʻita olmadi. Kartinani mijja qoqmay tomosha qildim.

Dastlabki xulosam shuki, film sifatli suratga olingan. Tomoshabinni jahongir bobomiz hayotiga, u yashagan davr muhitiga olib kira oladi. Vaholanki, hozirgi zamonaviy texnika asri, sunʼiy intellekt davrida odamlarni eʼtiborini tarixiy asarga jalb etish oson emas, albatta.

Aktyorlar jamoasi toʻgʻri tanlangani, sahnalar lokatsiyalari yaxshi topilgani, musiqa zoʻr bastalangani, ijro tabiiy chiqqani — film rejissyori Djeykob Shvarsning eng katta yutugʻi, deyish mumkin. Ayniqsa, jang sahnalari uchun alohida respekt. Loy jangi yuksak mahorat bilan sahnalashtirilgan. Toʻgʻri, ayrim kadrlar, baʼzi sahnalar boshqa tarixiy filmlarni esga solib yuboradi. Ammo bu murakkab sahnada rejissyorning oʻz imzosini boshidan oxirigacha sezilib turadi. Buyuk sarkardaning jang sanʼati, qilichbozlikdagi mahorati boʻy-basti bilan koʻrsatilgan.

Ayni shu sahnada operatorning ishi, isteʼdodi ham koʻzga yaqqol tashlanadi. Chunki jang shiddati bilan bilan birga, tabiatdagi oʻzgarishlar, bulutlarning tundlashib, yomgʻir yogʻishi, jangchilarning yuz-koʻz qiyofalari yirik va umumiy planlarda hayotiy tasvirlangan.

Film tomoshasida rejissyorga hurmatim oshishiga yana bir holat katta turtki boʻldi. Bu muhabbat sahnalarida ham milliy qadriyatlar, diniy aqidalarga ters borilmaganidir. Bilamiz, xalqaro kino loyihalarida 18+ sahnalari boʻlishi yozilmagan qoidaga aylangan. Biroq Djeykob Shvars ochiq sahnalardan chekingan. Ziyrak tomoshabinlar buni ilgʻagan boʻlishlari ayon.

Asar ssenariysi ham yaxshi yozilgan. Muallif Metyu Grin, asosan, Temurning saltanatga yetib kelgunicha bosib oʻtgan mashaqqatli davrini qalamga olib, bu yoʻlda duch kelgan qiyinchiliklar, sinovlar mahorat bilan tasvirlagan. Shu jihatdan jurnalist Sharofiddin Toʻlaganovning film nomi haqida aytgan fikriga qoʻshilish mumkin. Uning rasmiy nomi — “Tamerlane: Rise of the Last Conqueror” (“Temur: soʻnggi hukmdorning quyoshi”) oʻzbekchada “Amir Temur”ga oʻzgartirilgani oʻzini oqlamagan. Chunki bitta filmda Amir Temurdek tarixiy shaxslar hayot yoʻlini qamrab olish imkonsiz. Shu bois kartina rasmiy nomi bilan atalsa, tanqidchilarda ortiqcha eʼtirozga oʻrin qoldirmas edi.

Film matnida juzʼiy kamchiliklar uchraydi. Masalan, Temur ismi kartina syujetining boshidanoq Amir Temur deyiladi. Uning oyoqqa turib olishida oʻzga oʻlkadan yordam qoʻllari choʻzilgani ham oʻta bahstalab. Shuningdek, baʼzi jumlalar tahrirtalab boʻlsa, ayrim dialoglar sof oʻzbekcha emas. Ssenariy matni oʻzbekcha fikrlaydigan muharrir tahriridan oʻtkazilishi kerak edi, nazarimda.

Bosh rollarni daniyalik aktyor Kristian Mortensen(Amir Temur), Maxesh Djadu (Amir Husayn), Yulduz Rajabova(Oʻljoy), Dulguun Odxuu(Bibixonim) oʻynagan. Oʻzbek tomoshabinlari bosh qahramon — Amir Temur obrazida Kristian Mortensenni qabul qilishga qiynaladi. Buni aktyorning isteʼdodi yoki ijro mahorati past, degan oʻyda talqin etish nooʻrin. Bu yerda milliy gʻurur eng katta hakamga aylanib, Sohibqironni boshqa millat vakili gavdalantirganini hazm qilishi oson kechmaydi. Lekin tan olib aytish kerak, Kristian Mortensen rolga yaxshi tushgan. Uning oʻrnida, shaxsan men, oʻzimizning qorakoʻz aktyorlardan hech birini koʻra olmayapman...

Oddiy tomoshabin sifatida Kristian Mortensen ijrosida anglaganim eng katta kamchilik koʻzidagi halimlik va bir xillikdir. Uning nigohlari va yuz ifodalari kartina boshidan oxirigacha deyarli oʻzgarmaydi. Aktyor ijrosida sodda odam, iymon-eʼtiqodli kishi, mehribon yor, gʻamxoʻr ota, dona shogird, fozil inson koʻz qarashlarini, yuz mimikalarini koʻrish mumkin. Biroq yovqur sarkarda, dargʻazab jangchi, aldangan doʻstning oʻtkir nigohlarini, qahrli qiyofasini topa olmaysiz. Ehtimol, rejissyor Amir Temurni shunday koʻrgandir, aktyor ana shunday tasavvur qilgandir...

Maxesh Djadu (Amir Husayn), Yulduz Rajabovaning yuqori ijro mahorati, Dulguun Odxuu(Bibixonim) oʻta samimiy va tabiiy qiyofasi film taʼsirchanligini oshirganini alohida eʼtirof etish zarur.

Taqdimotda film prodyuseri Behruz Hamzayev qayta-qayta taʼkidlaganidek, Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur bobomizni xorij kinomuxlislariga tanitish uchun qilingan bu saʼy-harakatni faqat olqishlash kerak.

Uzoq yillardan buyon oʻzbek kinoijodkorlari jurʼat qila olmagan ishga qoʻl urgan ijodiy jamoaga, investitsiya kiritganlarga esa tashakkur! “Amir Temur” koʻrishga, koʻrsatishga arziydigan, sarflangan resurslarni oqlaydigan kino boʻlibdi.

Said RAHMON

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер