Temirni tilga kiritgan usta

12:02 07 Mart 2025 Jamiyat
280 0

Jahongir BOYMURODOV/«Xalq soʻzi». Koson tumani markazidagi Shirinobod mahallasida moʻjazgina temirchilik ustaxonasi bor. U 1991-yilda kosonlik mashhur temirchilarning uchinchi avlod vakili Niyozqul Hamroyev tomonidan qurilib, ishga tushirilgan. Oʻtgan yillar mobaynida tuman markazi tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketdi. Niyozqul boboning ustaxonasida hech narsa oʻzgarmagan: asosiy jihozlar va ish qurollari hamon oʻchoq, qoʻra, supa, choʻpkunda, sandon, bosqon, bolgʻa, ombur, egov, charx va shu kabi bir nechta buyumlar.

Bu yil 75 yoshni qarshilagan usta temirchi Niyozqul Hamroyev shogirdlarini yoniga olib, doimo ish bilan band.

— Bobom usta Sattor butun umr temirchilik bilan shugʻullangan — deydi Niyozqul bobo. – Bu hunarni bobomdan oʻrganganman. Maktabni tamomlab payvandchilikka oʻqidim. Bir muddat kolxozda ishladim. Oʻttiz toʻrt yildan buyon sulolamiz hunarini davom ettirib kelyapman. Shu hunar ortidan farzandlarimni tarbiyalab, uyli-joyli qildim. Obroʻ-eʼtibor topdim. Ellikka yaqin shogirdlar tayyorladim. Ularning koʻpchiligi mustaqil ravishda ishni davom ettirmoqda. Hozir ham yonimda bir nechta shogirdlarim bor. Shu kichkina ustaxonamizga koʻplab mashhur insonlar kelib, buyumlar xarid qilgan.

Bir necha yil avval Qoʻqon shahrida oʻtkazilgan hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasida qatnashdim. U yerga olib borgan buyumlarim orasida toʻrt dona qoʻlda yasalgan temir qulf ham bor edi. Beloruslik bir sayyoh ajablanib, uning nimaligini soʻradi. Tushuntirib berganimdan soʻng “Shuni menga sot” deb turib oldi. Keyin bir arab yigit qolgan uchta qulfni ham sotib oldi.

Ishlab chiqarish texnologiyalar yuqori darajada rivojlangan bugungi kunda qoʻl mehnati bilan koʻp vaqt va katta kuch sarflab yasalgan buyumlarga ehtiyoj qolmagandek tuyuladi. Niyozqul bobo Hamroyev esa aksincha, qoʻlda yasalgan temirchilik buyumlariga talab yanada ortib borayotganini aytadi.

Ustaning aytishicha, temirning olovda maromida toblab, sandonda bolgʻa damini yeb, kerakli shaklga kirganini, yetarlicha silliqlanganini koʻzingiz koʻrib, qoʻlingiz his etmasa, u buyumning mustahkam boʻlishi qiyin. Moʻjazgina ustaxonaning oʻzida yuzdan ortiq tur va oʻlchamdagi buyumlar tayyorlanadi. Aksariyat buyumlar mijozning talabiga koʻra u aytgan shakl va oʻlchamda yasab beriladi. Toʻrt-beshta qolip bilan bu ishni uddalab boʻlmaydi.

Temirchilik buyumlariga talab hech qachon yoʻqolmaydi. Bu hunar yana asrlarni asrlarga ulab davom etaveradi. Faqat temirchi ham biroz tadbirkor boʻlsa, bozor talablaridan kelib chiqqan holda mahsulot tayyorlasa daromadi yanada oshadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер