“Temir yoʻl malikasi — 2020” aniqlandi
Ayol – tilsim. Ayol – ona, ayol – tarbiyachi, ayol – ustoz, ayol – rafiqa, ayol – rahbar, ayol – ishchi. Ayol – goʻzallik va nafosat timsoli. Ayol – malika.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” tizimida mana uch yildirki “Temir yoʻl malikasi” koʻrik tanlovi muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Tanlovning asosiy maqsadi tizimda faoliyat yuritayotgan yosh xotin-qizlarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik, yuksak odob-axloq tamoyillari asosida tarbiyalash, ularning ongi va qalbini gʻoyaviy tahdidlardan himoya qilish, kasbiy bilimlari va iqtidorlarini yuzaga chiqarish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan.
Koʻrik tanlovning hududlarda oʻtkazilgan bu yilgi saralash bosqichi gʻoliblari boʻlgan 7 nafar ishtirokchilari finalda oʻzaro bellashdi. Shartlar orqali qizlarning mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlar siyosati, gender tenglik masalalari yuzasidan bilimlari sinovdan oʻtkazildi. Zarur hollarda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish borasidagi bilimlari qay darajada ekanligi tegishli shart doirasida oʻrganildi.
— Bugungi kunda respublikamizda xotin-qizlarga katta eʼtibor qaratilib, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, iqtidoriyu isteʼdodini ragʻbatlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda, — deydi tanlov tashkilotchisi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Yetakchilar Kengashi raisi vazifasini bajaruvchi Oqil Sadriddinov. — Temir yoʻllar tizimida ham yosh xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish, ijtimoiy faolligini oshirish, kasbiy bilim va salohiyatini yuzaga chiqarish maqsadida tashkil etilgan mazkur tanlov tizimdagi koʻplab qizlarimizni oʻz atrofiga birlashtira oldi. Unda nafaqat jamoada oʻz ishining ustasi boʻlish, balki oilada ayolning oʻrni qanday boʻlishi,uning farzand tarbiyasidagi masʼuliyati xususida ham mavzular qamrab olingan. Tanlov oʻziga xos ibrat va namuna maktabi, aslida.
Yakunda 1-oʻrinni “Buxoro MTU” unitar korxonasi Buxoro elektr bilan taʼminlash distansiyasi texnigi Maftuna Olimova, 2-oʻrinni “Qoʻngʻirot MTU” UK Qoʻngʻirot lokomotiv deposi marshutlarni hisobga olish operatori Dilnoza Tairova, 3-oʻrinni «Yoʻlreftrans» AJda harbiyga aloqador shaxslarni bronlash va hisobga olish inspektori Muxtasar Akramova qoʻlga kiritdi.
7 nafar ishtirokchining barchasi temir yoʻl tizimi rahbariyatining qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring