Texnikum kutubxonasi noyob adabiyotlar bilan boyidi
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Moliyaviy tahlil va audit kafedrasi professor-oʻqituvchilari tashabbusi bilan Toshkent shahri Yangihayot tumanida joylashgan Toshkent iqtisodiyot va sanoat texnikumida oʻquv-uslubiy, maʼnaviy-maʼrifiy va yoshlarni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha oʻquvchi-yoshlar bilan davra suhbati oʻtkazildi.
Mazkur tadbirda TDIUdan Moliyaviy tahlil va audit kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor B. Xasanov, TDIU Akademik litsey, texnikum va filiallar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi A.Ishnazarov, Moliyaviy tahlil va audit kafedrasi mudiri DSc., professor N.Xojimurotov, DSc., professor B. Mengliqulov, DSc., dotsent A. Mahmudov, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent M. Xodjayeva, PhD. dotsent M.Ismoilova, PhD B.Toshboyev va katta oʻqituvchilardan S. Atamurodov, M. Sayfullayev hamda S.Omonovlar ishtirok etdi.

Toshkent iqtisodiyot va sanoat texnikumi direktori K.Annaqulov, oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari I.Ziyayev, Iqtisodiy fanlar kafedrasi mudiri Yo. Xudayberganova va texnikum oʻqituvchilari hamda talabalari ham tadbirda jam boʻlishdi.
Taʼkidlash joizki, mazkur texnikumda oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, maʼnaviy va maʼrifiy sohalarda mavjud boʻlgan muammolarni oʻrganish va amaliy yordam berish boʻyicha TDIU professor-oʻqituvchilari va texnikum oʻqituvchilari tomonidan “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.
Texnikumda “Buxgalter”, “Tikuvchilik va dizayn”, “Avtomobilsozlik”, “Moliya”, “Arxitektura va qurilish”, “Dasturiy taʼminotlar” va boshqa bir qator kasblar boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Uchrashuvda yoshlarni har tomonlama yetuk insonlar qilib tarbiyalash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratib berish boʻyicha qilinayotgan ishlar bilan birga, taʼlim muassasalari oldida turgan dolzab masalalar ham muhokama etildi.

Tadbir yakunida TDIU Moliyaviy tahlil va audit kafedrasi jamoasi nomidan taniqli jurnalist va sevimli shoirimiz Oʻtkir Rahmatning saylanma asarlari, akademik B.Zaripovning “Birinchi Renessans allomalari” oʻquv qoʻllanmasi va PhD D.Abdiyevaning dizaynga oid monografiyasidan jami 50 nusxa tuhfa sifatida texnikum kutubxonasiga kitoblar sovgʻa qilindi.
Shohsanam YOʻLDOSHEVA,
OʻzDJTU Media va kommunikatsiya fakulteti talabasi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring