TDYUUda “BMT haftaligi” boshlandi
Haftalik avvalida ochilish marosimi oʻtkazilib, “BMTning 75 yilligi: Umumiy saʼy-harakatlar bilan umumiy kelajak sari” mavzusidagi davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.
ZOOM platformasi orqali oʻtkazilgan tadbirda Bosh prokuratura Akademiyasi, Yuristlar malakasini oshirish markazi mutaxassislari, TDYUU, JIDU, Qoraqalpoq davlat universiteti, Namangan, Termiz va Samarqand shaharlaridagi yuridik fakultetlar professor-oʻqituvchilari, doktorant va talabalari ishtirok etdi.
Marosimda TDYUU rektori Rahimjon Xakimov va JIDU rektori Komiljon Karimov soʻzga chiqib, haftalik davomida oʻtkaziladigan tadbirlar, ularning maqsad-vazifalari, mazmun-mohiyati xususida ishtirokchilarga maʼlumot berdi.
Qayd etilganidek, dunyoda BMTning oʻrni va ahamiyati ortib borayotgan ayni kezlarda mazkur tashkilot bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, turli muammoli vaziyatlarda birgalikda ish olib borish muhim ahamiyatga ega. Shu kunga Oʻzbekiston BMT doirasida qabul qilingan koʻplab xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qildi, BMTning ixtisoslashtirilgan agentliklari va inson huquqlari boʻyicha organlari bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻydi, ushbu tashkilot doirasidagi hamkorlikni kuchaytirish va global muammolarni hal qilish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Tadbirda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi natijalariga umumiy sharh berildi, uning har yillik umumiy munozaralari davomida ilgari surilgan tashabbuslar qisqacha tahlil qilindi. Shuningdek, global va milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, BMT Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida ilgari surilgan Oʻzbekiston tashabbuslarini muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mazkur sessiyadagi Oʻzbekistonning tashabbuslari xalqaro hayotning deyarli barcha sohalarini qamrab olgan, ular nafaqat xalqaro qonunchilik bazasini, balki BMT doirasidagi hamkorlikning institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan edi.
Shuningdek, tadbirda inson huquqlari sohasidagi taʼlim masalalari xususida soʻz yuritilib, bu yoʻnalishdagi xalqaro va milliy tajriba, TDYUU va JIDUda inson huquqlarini oʻqitish tajribasi muhokama qilindi.
Davra suhbati davomida TDYUU talabalari tomonidan tayyorlangan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan Oʻzbekistonning tashabbuslariga bagʻishlangan videorolikning taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Yakunda davra suhbatida ilgari surilgan barcha masalalar yuzasidan ishtirokchilarning fikr-mulohazalari tinglanib, savollarga javob berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring