TDYUU rektori: “Maqsad faqat diplomli boʻlish emas...”
Oliy taʼlimni tubdan modernizatsiya qilish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashdek ezgu maqsadga sohada korrupsiya illatiga barham bermasdan turib erishib boʻlmaydi. Taʼlim tizimining korrupsiyalashuvi nafaqat raqobatbardosh kadrlar tayyorlash imkonini yoʻqqa chiqaradi, balki butun jamiyatda haqiqat, adolat va qonuniylik kabi insonparvarlik tamoyillariga putur yetkazadi, turli soha va tarmoqlarning ham izdan chiqishiga olib keladi.
Shu tufayli ham Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish, faoliyat shaffofligini taʼminlash – sohadagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilanib, oliy taʼlim dargohlari oldiga masʼuliyatli vazifalar qoʻyildi.
Oliy taʼlim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini izchil davom ettirish, taʼlim muassasalarini halol, vijdonu iymoni pok professor-oʻqituvchi va xodimlardan shakllantirish, talabalar bilan ustozlar va muassasa rahbariyati oʻrtasidagi sunʼiy, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, talaba bilimini baholashda shaffoflik hamda adolatni taʼminlash kabi vazifalar shular jumlasidandir.
Qoʻyilgan vazifalar ijrosi haqida soʻz borar ekan, bugun oliy taʼlimda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha aniq mexanizmlar ishlab chiqilmaganini qayd etishga majburmiz. Binobarin, mazkur masalada tizimli yondashuv yetishmayapti.
Xoʻsh, bunday yondashuv nimalarda namoyon boʻlishi mumkin?
Eng avvalo, har bir oliy taʼlim muassasasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni talablari asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish dasturini qabul qilish, oʻsha oliygohning bu boradagi oʻziga xos siyosatini belgilab olish maqsadga muvofiqdir.
Bu hujjatda oliy taʼlim muassasasida korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatining maqsad va vazifalari, tamoyillari, obyektlari va subyektlari, professor-oʻqituvchilar, xodim va talabalarning korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish yuzasidan majburiyatlari, bu illatni yuzaga keltiruvchi xavflar, sharoitlar va ularga qarshi choralar, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha xodimlarni tizimli oʻqitish kabi dolzarb masalalar oʻz oʻrnini topishi lozim. Korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlari oliy taʼlim muassasalarida har yilgi chora-tadbirlar rejalarini tasdiqlash yoʻli bilan amalga oshirilishi darkor.
Oliy taʼlim muassasalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha komissiyalarni tashkil etish va ular faoliyatini tizimli yoʻlga qoʻyish ham jiddiy amaliy ahamiyat kasb etadi. Bunday komissiyalarning faoliyati korrupsiyaning oldini olish, korrupsion holatlarni aniqlash va ularning kelib chiqish sabablarini oʻrganish, illatga qarshi kurashish harakatini tizimli tashkil etishga xizmat qiladi. Mazkur komissiyalar tarkibiga talabalar, ota-onalar va keng jamoatchilikni jalb etish – ular ishida samaradorlik oshishining asosiy shartlaridan hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha tizimli yondashuvni taʼminlashdagi galdagi masalalar — bu professor-oʻqituvchilar va xodimlar uchun Odob-axloq qoidalari, Manfaatlar toʻqnashuvi, Korrupsiya bilan bogʻliq huquqbuzarliklarni sodir etishga undash holatlari boʻyicha xabar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni ishlab chiqish va joriy etishdan iborat. Zero, professor-oʻqituvchilar, xodimlar va talabalar qanday xulq-atvor korrupsiya holatlarini yuzaga keltirishi, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etishga undash harakatlari sezilganda qanday choralar koʻrishi lozimligi haqida bilim va tajribaga ega boʻlgandagina korrupsiyani yengishda jiddiy samaraga erishish mumkin.
Oliy taʼlim tizimidagi korrupsiya bilan bogʻliq muammolarni hal etishda nafaqat oliy taʼlim muassasalari, balki ish beruvchilar va keng jamoatchilik ham faol boʻlishi zarur. Afsuski, hozirga qadar jamiyatimizda “Eng muhimi – diplomli boʻlish” degan qarash ustunlik qilmoqda. Yoshlar ongida quruq diplomli boʻlish emas, balki chuqur bilim va ishonchli koʻnikmalarga ega boʻlish gʻoyasi ustuvorligiga erishilsagina taʼlim sohasidagi korrupsiyaga qarshi kurashda jiddiy oldinga qadam tashlash mumkin boʻladi.
Bir haqiqat aniq: korrupsiyaga qarshi kurashda eng muhim omillardan biri – bu taʼlim jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlashdir. Kirish imtihonlaridan tortib, joriy, oraliq va yakuniy sinov imtihonlari, dissertatsiya ishlarining himoyasi, oʻqishni koʻchirish, tiklash bilan bogʻliq barcha jarayonlar shaffof qoidalar asosida ochiq va oshkora oʻtkazilishi lozim. Qolaversa, korrupsiyasiz muhitni shakllantirishda talabalar va oliy taʼlim muassasasi rahbariyati oʻrtasida doimiy muloqot oʻtkazish (feed-back), shuningdek, muayyan davr oraligʻida, masalan, har semestr yakuni boʻyicha talabalar tomonidan professor-oʻqituvchilar faoliyatini baholash tizimini yaratish ham yaxshi samara beradi.
Ayni paytda, korrupsiyaga qarshi kurashishda talabalarning faolligi hamda qonunga muvofiq xulq-atvorda boʻlishini taʼminlash zarur. Taassufki, hamma talabalar ham oʻzlari guvoh boʻlgan tamagirlik va korrupsiya holatlari haqida xabar berishmaydi, yoki aksincha, ayrim talabalarning oʻzi professor-oʻqituvchilar va xodimlarni korrupsion harakatlarni sodir etishga undaydi. Bunday muammolarni oldini olish va hal qilishda talabalarning jamoat tashkilotlari, jumladan, Yoshlar ittifoqining oliy taʼlim muassasasidagi boshlangʻich tashkilotlari faolligi va qatʼiy pozitsiyasi ijobiy samara berishi aniq. Qolaversa, oliy taʼlim muassasasidagi korrupsiya holatiga befarq boʻlmagan talaba, xodim yoki professor-oʻqituvchini moddiy ragʻbatlantirish tartibini joriy qilish haqida ham jiddiy oʻylash vaqti keldi.
Har qanday tizimda boʻlgani kabi oliy taʼlimda ham korrupsiyaga qarshi kurashishni samarali kadrlar siyosatini yuritmasdan amalga oshirib boʻlmaydi. Shu bois, professor-oʻqituvchilar va xodimlarni ishga yollashda ularning halollik, vijdonlilik singari insoniy fazilatlarga ega boʻlishiga alohida diqqat qaratish hamda tanlov jarayonlarini toʻla ochiq va oshkora oʻtkazish talab etiladi.
Shu bilan birga, professor-oʻqituvchilar va xodimlarni yetarli ish haqi bilan taʼminlash va mehnati samarasiga qarab moddiy ragʻbatlantirish, ularning vazifasiga munosabatini butunlay oʻzgartirish, yaʼni qancha vaqt ishlaganiga emas, bu ishning natijasiga qarab haq toʻlash tizimini yaratish zarur.
Bugungi zamonaviy axborot asrida oliy taʼlim jarayoniga axborot texnologiyalarini keng joriy etish, shu orqali oʻquv jarayonida subyektiv omillarni bartaraf etish ham korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlarga qarshi kurashda muhim usullardan sanaladi. Xususan, taʼlim jarayonini raqamlashtirish va ortiqcha qogʻozbozlikdan voz kechishni nazarda tutuvchi “Elektron universitet” tizimiga oʻtish dolzarb vazifadir.
Bugungi kunda Toshkent davlat yuridik universitetida ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda yuqorida qayd etib oʻtilgan yoʻnalishlarda kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Mazkur dasturning samarali, ogʻishmay amalga oshirilishi universitetda korrupsiyadan xoli muhit yaratilishiga, halol, pok vijdonli, zamonaviy bilimlarga ega huquqshunos kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Rahimjon HAKIMOV
Adliya vaziri oʻrinbosari — Toshkent davlat yuridik universiteti rektori, yuridik fanlari doktori.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring