TDTga aʼzo davlatlar bojxona idoralari hamkorligining yangi bosqichi
Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlarining yigʻilishi oʻz ishini boshladi.
Mazkur tadbirda Tashkilotga aʼzo Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya va Oʻzbekiston hamda kuzatuvchi davlat — Vengriya bojxona xizmati rahbarlari, Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati ishtirok etishdi. Shuningdek, Gruziya bojxona xizmati rahbari yigʻilishning faxriy mehmoni boʻldi.
Mehmonlar dastlab Bojxona qoʻmitasining Bojxona rasmiylashtiruvi markazi va Markaziy bojxona laboratoriyasida boʻlishdi.
Joriy yilning 29-avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Bojxona qoʻmitasiga tashrifi chogʻida ishga tushirilgan mazkur markaz xalqaro jamoatchilik tomonidan ham gʻoyatda qiziqish bilan qarshi olinmoqda.
Mohiyatan ushbu tashrif bojxona tizimi hamisha Davlat Rahbarining diqqat eʼtiborida ekanligini anglatish barobarida bojxona xodimlariga bildirilgan yuksak ishonchning oʻziga xos ramziga aylandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 27-apreldagi PF-122-son Farmonida sohani raqamli transformatsiya qilish, xizmatlar sifati va tezkorligini oshirish boʻyicha topshiriqlar belgilangan edi.
Bojxona qoʻmitasida bunyod etilgan Bojxona rasmiylashtiruvi markazi mazkur chora-tadbirlarning amaliy natijasi boʻldi. Ushbu majmuada Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi, Markazlashtirilgan masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, “Call-markaz”, Targetlash
va xavflarni monitoring qilish boshqarmasi tashkil etildi.
Bugungi kunda Markazlashtirilgan masofaviy elektron deklaratsiyalash postida 116 nafar bojxona xodimlari tomonidan tadbirkorlar bilan bevosita muloqoti cheklangan holda tovarlar masofaviy rasmiylashtirilmoqda. Ushbu bojxona postida respublika boʻyicha rasmiylashtirilayotgan jami deklaratsiyalarning 50 foizi (kuniga 3 mingta) qamrab olingan.
Tovarlar rasmiylashtiruvida yagona yondashuvga erishish orqali tadbirkorlar xarajatini yanada qisqartirishga erishilmoqda.
Bojxona qoʻmitasining eng soʻnggi zamonaviy shart-sharoitlar bilan taʼminlangan “Call” markazi esa bojxona organlarida murojaatlar bilan ishlash sifatini tubdan yaxshilab, bir kunda 600 dan ortiq murojaatlarni kunu-tun qabul qilish va muammoli holatlarni tezkor hal etishga xizmat qilmoqda.
Bojxona qoʻmitasida tashkil etilgan muqobili yoʻq yana bir markaz — Targetlash va xavflarni monitoring qilish boshqarmasidagi axborot tizimlarining xorijiy, shu jumladan, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo bir qator davlatlar bojxona xizmatlarining axborot tizimlariga integratsiya qilingani tashkilot doirasida “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududi”ni barpo etishga munosib hissa qoʻshmoqda.
Bu yerda Ozarbayjon, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston davlatlarining bojxona xizmatlari bilan tunu-kun oʻzaro tezkor maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.
2023-yilning 11 oyida rasmiylashtirilgan jami 1 mln.ga yaqin deklaratsiyalarning barchasi Xavflarni boshqarish tizimi orqali qayta ishlanib, xavf aniqlangan 60 mingga yaqin deklaratsiyalar boʻyicha byudjetga 80 mln. dollardan ortiq ekvivalentidagi qoʻshimcha toʻlovlar undirilgan.
83 foiz deklaratsiya soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan, eksport deklaratsiyalarning 81 foizi esa inson omilisiz amalga oshirilgan.
Oʻzbekiston va Jahon bojxona tashkiloti oʻrtasidagi faol hamkorlikning yangi namunasi boʻlgan Markaziy bojxona laboratoriyasi ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy bojxona laboratoriyasi maqomini olgan bunday laboratoriyalar dunyo boʻylab atigi 10 ta davlatda bor, xolos.
Bugungi kunda laboratoriya tekstil mahsulotlari, polimer va undan tayyorlagan mahsulotlar, tamaki va nikotin moddasi saqlovchi mahsulotlar, genetik modifikatsiyalangan organizmlar, ozon qatlamini buzuvchi moddalar, metall va metall qotishmalari, alkogol mahsulotlari, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir etuvchi dori vositalari ekspertizasini amalga oshirish uchun zarur qurilmalar bilan jihozlandi. Bu yerda amalga oshirilgan ekspertiza sinov natijalari mintaqa miqyosida tan olinadi.
Poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida uchrashuvning asosiy tadbiri - Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlarining 9-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirga Bojxona qoʻmitasi Raisi Akmalxoʻja Mavlonov raislik qildi.
— Prezidentimizning Tashkilot ravnaqiga qoʻshayotgan ulkan hissalari va faol ishtiroklari uchun shu yilning noyabr oyida Ostonada “Turkiy dunyoning oliy ordeni” bilan taqdirlanganliklari, biz bojxonachilarni ushbu maydonda yanada tashabbuskor boʻlishni taqozo etdi, – dedi oʻz soʻzida Akmalxoʻja Mavlonov.
Taʼkidlash joizki, Turkiy tilli davlatlar orasida oʻzaro ishonch, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirish, mintaqada tinchlikni taʼminlash, savdo va investitsiyalar uchun qulay sharoitlarni yaratish hamda barcha sohalarda hamkorlik qilishdek sharafli yoʻlda tashkil etilayotgan ushbu yigʻilish mamlakatlarimizning taraqqiyoti va birdamligi yanada mustahkamlanishiga katta hissa qoʻshib kelayotgan tarixiy anjumanlarning davomidir. 170 mln.dan ortiq aholini qamrab olgan Turkiy davlatlar tashkiloti hududi katta iqtisodiy imkoniyatlar makoni hamdir.
Oʻzbekiston Tashkilotga aʼzo boʻlib kirganidan buyon oʻtgan toʻrt yillik qisqa davrda aʼzo davlatlar bilan tovarlar tashqi savdo aylanuvining hajmi 23 foizga (+1,5 mlrd. doll.), eksport va import tovarlari bilan harakatlanayotgan transportlar soni 65 foizga (+ 495 mingta) ortdi.
Bugungi kunda Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Vengriya davlatlarining tadbirkorlari bilan hamkorlik qilayotgan xoʻjalik subyektlarining soni 12 mingga yetdi.
2022-yil noyabr oyida tashkilotning “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida boʻlib oʻtgan Samarqand sammitida davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Tashkilotga aʼzo mamlakatlarning oʻzaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdoning atigi 4 foizini tashkil etadi, qolgani esa uchinchi davlatlar ulushiga toʻgʻri keladi, bunday holat esa hech kimni qoniqtirmaydi.
Shu boisdan Tashkilot doirasidagi hamkorlikning savdo-iqtisodiy poydevorini mustahkamlash, global logistika zanjirlari va transport yoʻlaklarini rivojlantirish, yagona tranzit tarmogʻini shakllantirishda bojxona idoralarining oʻzaro hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu borada Samarqand sammitida muhim qadam tashlandi — Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar hukumatlari oʻrtasida Soddalashtirilgan bojxona yoʻlagini joriy etish toʻgʻrisida Bitim imzolandi.
Yigʻilishda bojxona xizmati rahbarlari mazkur Bitimni amalga oshirishning texnik shartlarini muhokama qilishdi. Hujjat loyihasi Bojxona qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida bojxona hamkorligini yanada takomillashtirish masalasi ham yigʻilishda batafsil muhokama qilindi. Oʻzbekiston Tashkilotga aʼzo davlatlarning bojxona xizmatlari rahbarlari kengashini tashkil etish va uning Nizomini tasdiqlash taklifini ilgari surdi. Ushbu Nizom loyihasi ham Bojxona qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Kun tartibidagi dolzarb masalalardan yana biri — Turkiy davlatlar tashkiloti hududida yagona tranzit tarmogʻini shakllantirish. Bunga esa, avvalo, dunyo miqyosida TIR Konvensiyasining 2021-yil maydan kuchga kirgan elektron tartiboti — eTIR xalqaro tizimiga barcha mamlakatlar ulangan taqdirdagina erishish mumkin.
“eTIR” tartiboti bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini qisqartirishdan transport xarajatlarini kamaytirishgacha boʻlgan bir qator afzalliklarga ega. Ushbu xalqaro tizimga Ozarbayjon, Oʻzbekiston va Gruziya qoʻshilgan boʻlib, 2022-yil dekabr oyida dunyoda ilk bor Ozarbayjon va Oʻzbekiston birinchi eTIR tashuvini amalga oshirgan.
Mazkur yangilik jahon biznes hamjamiyati tomonidan qizgʻin qarshi olingan va nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan keng eʼtirof etilgan.
Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi va Turkiy davlatlar tashkiloti rasmiy saytlarida mazkur loyiha Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari oʻrtasida yuk tashish sharoitlarini yaxshilash gʻoyasining haqiqiy timsoli deya baholangan.
“eTIR” tartiboti Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlarni toʻliq qamrab olsa, yuklar toʻgʻrisida oldindan maʼlumot olish va oʻzaro almashishni, bojxona tartibotlari va davlat chegaralarini kesib oʻtishni tezlashtirishga, mamlakatlarning eksport va tranzit salohiyatini oshirish, ishonchli va xavfsiz transport koridorlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu boisdan yigʻilishda Oʻzbekiston eTIR tashuvlari boʻyicha mintaqaviy oʻzaro hamkorlikka xizmat qiluvchi Ekspertlar ishchi guruhini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlarining Toshkent yigʻilishida xavflarni boshqarish tizimini takomillashtirishda yangiliklar bilan tajriba almashish, tashqi savdo tovarlari boʻyicha aniqlangan xavflar haqida axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish masalasi ham koʻrib chiqildi.
Tomonlar shu maqsadda Bojxona qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan “Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning bojxona maʼmuriyatlari oʻrtasida xavflarni boshqarish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida” Bitim loyihasini mhuokama qilishdi.
Shuningdek, Tashkilot doirasida bojxona xizmatlarining ekspertiza va tadqiqotlar sohasida oʻzaro hamkorligini kengaytirish yuzasidan ham fikr-mulohaza almashishdi.
Tadbir yakunida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlarining uchrashuvi Bayonnomasi va qator hujjatlar imzolandi. Nufuzli xalqaro tadbir doirasida koʻplab ikki tomonlama muzokaralar, ekspertlarning ishchi uchrashuvlari ham oʻtkazildi.
Mehmonlar 12-dekabr kuni Samarqand shahrida boʻlib, tarixiy va diqqatga sazovor obidalar boʻylab sayohat qilishadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring