Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarimizni koronavirus xavfi yuqoriligi bilan jiddiy ogohlantirdi
Oʻzbekistonning xorijdagi elchixonalari va konsullik muassasalari bergan maʼlumotga koʻra, soʻnggi kunlarda dunyoning qator davlatlarida COVID-19 koronavirusining tarqalishi bilan bogʻliq vaziyatning ogʻirlashgani kuzatilmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasi bilan bir qatorda Koreya Respublikasi, Yaponiya, Eron, Italiya va baʼzi boshqa davlatlarda bemorlar soni ortmoqda.
Xizmat, turizm va boshqa maqsadlarda xorijga chiqishni rejalashtirayotgan hamyurtlarimiz safardan oldin sogʻliklari uchun tahdidlarni diqqat bilan oʻylab koʻrishlari, mamlakatdagi epidemiologik holatni oʻrganishlari va safar chogʻida shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilishlari, jamoaviy tadbirlarda ishtirok etishdan tiyilishlari, odamlar toʻplanadigan joylarda barcha ehtiyotkorlik choralarini koʻrishlari zarur.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda TIV xorijda, jumladan koronavirus bilan ogʻrigan bemorlar aniqlangan davlatlar hududida boʻlib turgan mamlakatimiz fuqarolariga zarur holatlarda Oʻzbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib oʻtadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring