Tashabbuskor investormisiz? Qo‘shrabotga marhamat!
Foto: Abdulaziz Yo'ldoshev / "Xalq so'zi"
Qo‘shrabot tumani Samarqand viloyatining olis tumanlaridan biri bo‘lib, yaqin-yaqingacha bu yerda aholi asosan chorvachilik bilan shug‘ullangan. Bugun esa 7 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur tumanda yirik investitsiya loyihalari amaliyotga izchil yo‘naltirilmoqdaki, natijada hududning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti jadal sur’atda rivojlanmoqda.
Aytish kerakki, Qo‘shrabotga 2019 yilga qadar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish holati deyarli kuzatilmagan. So‘nggi ikki yilda esa tuman iqtisodiyotiga umumiy qiymati 5 mln. AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritildi. Buning samarasi o‘laroq qator ishlab chiqarish korxonalari barpo etildi, yuzlab ish joylari yaratildi, tumanning iqtisodiy ko‘rsatkichlari o‘sa boshladi.
Tahlillarga ko‘ra, tumanda 2019 yilda 7 ta xorijiy va qo‘shma korxona tashkil etilgan bo‘lsa, 2020 yilda ular soni 18 taga, joriy yilda esa 23 taga yetdi. Ikki yil oldin to‘rtta eksportchi korxona tomonidan faqatgina Xitoy davlatiga mayiz mahsuloti chiqarilgan. Bugun esa 18 eksportchi korxonalar chiqarayotgan mahsulotlar turi ham, geografiyasi ham sezilarli kengaydi.
Lekin hali foydalanilmagan imkoniyatlar, ishga solinmagan resurslar juda ko‘p. Misol uchun, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida yangi tokzorlar tashkil etish, mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish mumkin. Sababi, tumanda 2018 yilda 3100 gektar uzum maydonlari mavjud edi, hozir esa tokzorlar 7 ming gektardan oshdi. 2022 yilda bu raqam 10 ming gektardan oshishi kutilmoqda. Bundan tashqari tumanning barcha toifadagi xo‘jaliklarida 106 ming bosh yirik shoxli, 408 ming bosh mayda shoxli chorva bor. Ammo hozirgacha tumanda teri va junni qayta ishlash korxonasi tashkil etilmagan.
Tog‘-kon sanoati yo‘nalishida marmar, granit va kvars toshlarini qazib olish va pardozlash yoki davlatimiz rahbarining 2018 yil 26 noyabrdagi “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida oltin qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanish, zargarlikni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Darvoqe, Qo‘shrabot tumanidagi Zarkent shaharchasi konchilar maskani hisoblanadi. Bu yerda Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Janubiy kon boshqarmasiga qarashli “Zarmitan” va “G‘ujumsoy” konlari hamda ishlab chiqarish korxonalari mavjud. Ularda nafaqat qo‘shrabotlik, balki yurtimizning turli hududlaridan kelgan ishchi-xizmatchilar, konchilar mehnat qiladi. Shaharchada ana shu ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari uchun munosib turmush sharoiti, zamonaviy infratuzilma yaratilgan.
Ammo hududda xizmatlar yo‘nalishida ham mavjud salohiyatdan yetarli darajada foydalanilmoqda, deyish qiyin. Birgina Zarkent shaharchasida zamonaviy mehmonxonaga ehtiyoj seziladi. Hozir mavjud ikkita kichik mehmonxona bu ehtiyojni to‘la qondira olmaydi. Bundan tashqari Pangat va Qizilbel hududlarida mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun yozgi dam olish maskanlari ochilsa, nur ustiga a’lo nur.
-Agarda shu va boshqa yo‘nalishlarda ish boshlash uchun tumanimizga investorlar keladigan bo‘lsa, ularga bir yarim-ikki soat ichida ro‘yxatdan o‘tkazib, faoliyat boshlashi uchun barcha sharoitni yaratib beramiz, - deydi Qo‘shrabot tuman hokimi o‘rinbosari Sh. Razzoqov. - Shuningdek, viloyatning salohiyatli investorlariga tumanimizdagi “Oqchobsoy” suv omborini ishga tushirib, undan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha taklifimiz ham bor.
Xullas, tumanda salmoqli investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyat yetarli, faqat tashabbus va intilish bo‘lsa, bas.
Abdulaziz YO‘LDOSHЕV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring