Tarozidan hamma rozimi?
Foto: Illustrativ foto
Bozor-oʻchar qilishning oʻz gashti bor. Xuddi ozgina pulimiz baraka qilib koʻpga tatiganday quvonamiz. Shunga boʻlsa kerak, qoʻliga pul tushgan borki, nimadir zarur boʻlsa, bozorga shoshadi. Yaxshida, bemalol tanlov qilasiz, koʻpchilikni kuzatasiz, odamlar nima olyapti, nima sotyapti, barchasi oʻzgacha. Eng qizigʻi, savdolashish jarayonida boʻladi. Sotuvchi bilan baraka qilib, olayotgan narsangiz narxini tushirsangiz, pulingiz choʻntagingizda qolganday xursand boʻlasiz.
Ammo keyingi paytlarda xalqimiz bozorga oshiqmay qoʻygandek, nazarimizda. Yirik savdo markazlari, supermarketlar bozordan gavjum. Sababini esa tushungandayman. Bu borada tarozi masalasiga toʻxtalmay ilojimiz yoʻq. Tong saharda oʻz peshona terisini halollab sotish uchun bozorga kelgan dehqon eshik tagidanoq arzon-garovga olibsotarlarga berib ketishga majbur. Chunki bu hududning ham ayrim norasmiy egalari bor. Bu, ular tili bilan aytganda, “nontalab”lardir. Ular nafaqat “nontalab” boʻlishadi, balki tarozilari bilan sizning haqqingizni ham talab, yulqab olishadi. Sinchkovlik bilan kuzatsangiz, oʻz sotuv usullari bor. Mabodo bir kilo pomidor soʻrasangiz, mehri joʻshib, xaltani 2 kiloga toʻldira boshlaydi. Keyin “Ortib ketibdi” deya ortiqchasini ola boshlaydi. Siz esa «Nima qilibdi, ortiqchasi shartmas,” dersiz. Lekin ularning chaqqonligidan sizga bir kilo yaroqsiz pomidor paket ichida alohida saralanganini sezmay ham qolasiz. Bu kabi metodlar talaygina. Odamlar haqqini urib qolishga odatlangan kimsalar tarozini ham turli usullar bilan imkon qadar kamroq tortib berishga moslashtirib olgan. Bir qadam yurib boshqa taroziga qoʻysangiz, miqdor kam koʻrsatib turaveradi. Ortingizga qaytib talab qilgani uyalasiz, lekin urib qolgan uyalmaydi, xiyonatda davom etadi. Iloji yoʻq, qoʻl oʻrgangan. Goʻsht bilan tengma-teng suyak olishga koʻnikkan odamlarimiz bunga ham rozi. Lekin tarozining oʻzi bu ishlardan rozimikin...
Nega bu jismga “to-rozi” degan nom berilgan ekan? Soʻz zamirida nega rozichilik mohiyati bor?
Buning tub ildizi xususida tafakkur qilar ekanmiz, tarozi - yaʼni insonning rozichilik oʻlchovi, uni to rozi boʻlguncha oʻlchanadigan mezon miqdori, adolat meʼyoridir. Afsuski, biz bu azaliy mezonga xiyonat qila boshladik. Alam qiladi, qattiq alam qiladi, tarozidan urilgan haqqimiz emas, qalbni qiynagan ogʻrigʻi shundaki, ikki qorakoʻz bir-birimizni kuppa-kunduzi aldashdan xijolat tortmayapmiz, seskanmayapmiz, oʻrtanmayapmiz.
Har qalay har narsada, savobu gunoh oʻlchovida ham tarozi borligini unutmaslik kerak.
Komila ISRAILOVA,
jurnalist, Fargʻona viloyati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring