Tarmoq arxivlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi

09:37 15 Oktyabr 2020 Siyosat
986 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.

Taʼkidlanganidek, amaldagi “Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tugatilgan tashkilotlar hujjatlarini faqat davlat arxiviga topshirilishi belgilangan. Bu esa, davlat arxivlarida Milliy arxiv fondi (doimiy saqlanadigan) hujjatlarning sifatli saqlash muammosini yuzaga keltirish bilan bir qatorda nodavlat arxivlarni rivojlantirishga ham toʻsqinlik qilmoqda. Shuningdek, amaldagi Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlash huquqi berilgan ayrim vazirliklar, idoralar, tarmoq davlat fondlari va tashkilotlari arxivlari huquqiy maqomini belgilovchi norma mavjud emas.

Arxiv hujjatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratish, elektron bazalarni shakllantirish maqsadida tashkilotlar tomonidan arxiv hujjatlarini elektron nusxalari bilan topshirish normasi loyihaga kiritilyapti. Shuningdek, tugatilgan tashkilotlar arxiv hujjatlarini tegishli arxivlarga, shu jumladan nodavlat arxivlariga ham topshirish belgilanmoqda.

Qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlash huquqi berilgan ayrim vazirlik va idoralar, davlat fondlari hamda tashkilotlarda davlat tarmoq arxivlarini tashkil etish belgilanmoqda.

Xalq vakillarining taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi nodavlat arxivlarni rivojlantirish, hujjatlar yoʻqolishining oldini olish, fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini himoya qilish hamda davlat arxivlari oʻzlarining asosiy vazifalari, yaʼni Milliy arxiv fondi hujjatlarini sifatli jamlash, hisobini yuritish, saqlash va foydalanishga xizmat qiladi.

Bahs-munozaralar, tortishuvlarga boy boʻlgan majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер