Tarixiy yodgorliklar o‘rniga hojatxona, hammom va xo‘jalik inshootlari qurib yuborilgani aniqlandi. Prokuratura ish ochgan
Bosh prokuratura va Madaniy meros agentligi Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy va Toshkent viloyatida jami 12 ta arxeologiya inshootiga qiymati 8,3 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
«Hududlarda o‘tkazilgan tekshirishlarda qonun buzilishi holatlari aniqlanib, bir qator arxeologiya yodgorliklarini yo‘qotilishi oldi olindi», deyiladi xabarda.
Qonunbuzarlik holatlarining birinchisi Qashqadaryo viloyatida joylashgan «Kofirtepa-2» (VII – XIII asrga oid) yodgorligining 2,4 m3, «Beshteraktepa»ning (IX – XII) 6 m3 hamda «Xontepa»ning (XI – XIII) 189 m3 qismi uy-joy qurish uchun buzilgani aniqlangan.
Jizzaxda «Tomoshotepa-2» (IV – V) yodgorligining 14 m3 qismi hojatxona hamda «Qoratepa»ning (V – VI) 30 m3 qismiga va Toshkent viloyatining «Nomsiztepa-2»ning 1,92 m3 qismi issiqxona qurish uchun qisman buzilgan.
Shuningdek, Toshkent viloyatida «Nomsiztepa-1» yodgorligining 15 m3 qismi hojatxona, Sirdaryoda «Hashartepa» (IX – XII) yodgorligining 6,4 m3 qismi hojatxona va hammom qurib yuborilgan.
Navoiyda «Gʻazg‘ontepa» yodgorligining 16 m3 qismi mobil kompaniya antennasi, «Nonvoylartepa-2»ning 5,3 m3, «Kaltepa»ning (V – VIII) 23 m3 hamda «Yasiltepa»ning (III – XI) 20 m3 qismi xo‘jalik inshootlari uchun ishlatib yuborilgani aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hayot Shamsutdinov mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring