Tarixiy shaxslarning qiziqarli dialoglari

22:51 01 Aprel 2022 Madaniyat
2326 0

Foto: Illustrativ foto

Volter

Fransuz yozuvchisi va faylasufi Volter bir ruhoniy uning mehmondoʻstligidan foydalanib uyiga tez-tez tashrif buyurishidan bezib ketadi va kunlardan bir kun shunday deydi:

— Siz bilan Don Kixotning farqingiz nimada, bilasizmi? Don Kixot har bir karvonsaroyni saroy deb hisoblardi, siz esa har bir saroyni karvonsaroy deb oʻylaysiz.

Jorj VASHINGTON

AQSHning birinchi prezidenti Vashington kunlarning birida Jorjiya shtatidagi kichik bir qishloqqa sayohat qiladi. U qishloqdagi bir restoranga kiradi va uchta tuxum pishirtiradi, tanovuldan keyin:

— Qancha berishim kerak? — deya soʻraydi.

— Yuz dollar, — deya javob beradi restoran egasi.

Narx juda qimmat ekanligidan hayron boʻlgan Vashington:

— Sizning hududingizda tuxum kamdan-kam uchraydigan narsa shekilli, — deydi.

Restoran sohibi esa:

— Yoʻq, janob, tuxum koʻp. Biroq, Prezident bu yerlarda kamdan-kam uchraydigan odam, — deya javob qaytaradi.

Volfgang Amadey MOTSART

Ijodiy kechalarning birida bir yosh bastakor mashhur nemis bastakori Motsartdan:

— Simfoniya qanday yoziladi? — deya soʻraydi.

Motsart:

— Siz hali yoshsiz, ballada yozishdan boshlasangiz yaxshi boʻlardi, — deya javob beradi.

Yigit uning soʻzlariga eʼtiroz bildirib:

— Siz, oʻzingiz simfoniya yozishni oʻn yoshga toʻlmasdanoq boshlamadingizmi axir? — deydi.

Bastakor:

— Toʻgʻri... Lekin men simfoniya qanday yozilishini boshqa birovdan soʻramaganman, — deya gapini yakunlaydi.

Aleksandr DYUMA

Aleksandr Dyuma kasal boʻlganida uning oldiga kelgan shifokor:

— Ahvolingiz ogʻir, har qanday baxtsiz hodisaga tayyor turing. Ushbu kunlarda uchrashishni istagan insoningiz bormi? — deya soʻraydi.

Dyuma bu savol ustida biroz oʻylaydi va:

— Albatta, — deya javob beradi.

— Kim bilan uchrashishni istaysiz? — yana soʻraydi shifokor.

— Boshqa shifokor bilan... — javob beradi u.

Albert EYNSHTEYN

Albert Eynshteyn juda tartibsiz va xayolparast odam boʻlgan. Bir kuni chuqur oʻyga choʻmgan chogʻida doʻstlaridan birini uchratib qoladi:

— Doʻstim, kechqurun biznikiga mehmonga kel, professor Stimson ham biznikiga kelyapti.

— Stimson, axir menmanku, — deya javob beradi hayron qolgan doʻsti. Olim esa:

— Bu muhimmas. Qanday boʻlmasin kelishing shart, — deb turib oladi.

Suqrot

Qadimgi yunon faylasufi Suqrot oʻlimga hukm qilinganini sovuqqonlik bilan qarshilaydi. Zahar toʻla kosani ogʻziga olib kelishganida xotini baland ovozda:

— Erim begunoh halok boʻlyapti, — deya yigʻlaydi.

Shu payt Suqrot:

— Nima, sen eringni gunohkor kabi oʻlishini istaysanmi? — deya kinoyali javob qaytaradi.

Nikolay Konstantinovich MIXAYLOVSKIY

Tahririyatga kelgan oʻzidan koʻngli toʻq shoirlardan biri asarlari tanqidchi va muharrir Mixaylovskiy tomonidan rad etilganini eshitib:

— Bu tarixiy xatodir, odamlar mening asarlarimni Tolstoy unutilganidan keyin ham oʻqiydi, — deya shovqin-suron koʻtaradi.

Mixaylovskiy esa jilmayib:

— Boʻlishi mumkin, ammo asarlaringizni Tolstoy unutilmay turib hech kim oʻqimasligi aniq, — deya javob beradi.

Nasriddin SHOH

Gajarlar sulolasidan boʻlgan Eron hukmdori sheʼrlar yozgan ekan. Maʼlumotlarga koʻra, sheʼrlaridan hatto bitta devon ham tuzishga muvaffaq boʻlgan. Bir kuni u saroy shoirini sheʼrlarini oʻqitib fikrini bilish uchun yoniga chaqirib:

— Sheʼrlarimni tanqid qilmoqchi boʻlsangiz, ehtiyot boʻling. Tanqidingiz menga yoqmasligi mumkin va buning uchun sizni qattiq jazolashim mumkin. Shunday ekan, agar biror sheʼrimning zaif tomonlarini koʻrsatmoqchi boʻlsangiz unga barmogʻingizni qoʻyib ishora qiling, — deya taʼkidlaydi.

Shoir podshohning eslatmasini inobatga olib devonni oʻqib chiqadi, soʻng kitobni yopadi va barmogʻini kitobning ustiga qoʻyadi.

Toʻplovchi va tarjimon Rahmat BOBOJON.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер