Tarix va kelajak chorrahasi

20:24 18 May 2022 Jamiyat
1014 0

Foto: Халқ сўзи

18-may – Xalqaro muzeylar kuni

Oʻtmishni bilish va tarix haqiqatlarini kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish insoniylik burchimiz hisoblanadi. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, tarixiy merosni asrab-avaylash, oʻrganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Muzeylar bu borada eng taʼsirchan va samarali vosita hisoblanadi.

Xususan, Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi, 88 yildirki, xalqimizga xizmat qilib kelmoqda.

— Ushbu maskan dastlab qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasi negizida “Oʻlkashunoslik” muzeyi sifatida tashkil topgan, — deydi muzey direktori Ixtiyor Rasulov. — Yillar davomida tarixchilar, arxeologlar, filologlar, geologlar, biologlar va bir qancha soha vakillari tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasida muzeyning ilmiy salohiyati yuksaldi. Muzeyning malakali ilmiy xodimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar, ekspeditsiyalar natijasida qoʻlga kiritilgan minglab osori atiqalar oʻlka tarixi, madaniyati, hayvonot va nabotot dunyosi toʻgʻrisida qimmatli manbaga aylanib bordi. Muzeyda mavjud eksponatlarning soni keskin ortishi natijasida muzey uchun yangi maxsus bino zarurati paydo boʻlgani bois 1982-yilga kelib qulay binoga koʻchib oʻtildi. Bugungi kunda muzey binosi noyob arxitektura yodgorligi hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrdagi “2017-2027-yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Andijon viloyat oʻlkashunoslik muzeyi hamda Andijon viloyat adabiyot va sanʼat muzeylari birlashib, uning negizida Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi qayta tashkil etildi. Natijada muzey oʻzining yangi hayotini boshladi. Uning hozirda bitta filiali va beshta boʻlimi mavjud. Keyingi ikki yil ichida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Andijon viloyat hokimligi koʻmagida bosh muzey binosida rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Muzeyning moddiy-texnik bazasi boyitildi. Muzey ekspozitsiya va koʻrgazma zallari qayta jihozlanib, yangilandi.

— Bugungi kunda muzey fondida 151 mingdan ziyod bebaho arxeologik yodgorliklar, rang-tasvir asarlari, numizmatika, etnografiyaga oid eksponatlar, shuningdek, oʻzbek xalqi tarixining muhim bosqichlarini oʻzida aks ettirgan noyob arxiv maʼlumotlari, qoʻlyozmalar, tarixiy hujjatlar, fotomateriallar va boshqalar saqlanmoqda, — deya suhbatda davom etdi muzey direktori. — Hududda amalga oshirilayotgan qazishmalar, ilmiy izlanishlar ularning soni yildan-yilga ortib borishiga sabab boʻlmoqda. Har bir eksponat xalqimiz turmush tarzi, madaniyati va urf-odatining yorqin ifodasidir.

Shuningdek, xorijiy muzeylar va institutlar bilan xalqaro aloqalarni mustahkamlash yoʻlida ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. 2017-yildan buyon Germaniyaning Toshkentdagi Gyote instituti bilan oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Natijada “Ekologik ong - tabiatdan saboq olmoq”, “Matematikani qoʻlga ol!” deb nomlangan interfaol koʻchma koʻrgazmalar tashkil etildi. Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh viloyatidagi “Sulaymon-togʻ” milliy-tarixiy arxeologik muzey majmuasi bilan imzolangan oʻzaro doʻstlik va hamkorlik memorandumi qardosh xalqlar tarixidagi uzviylikni ifoda etishda muhim oʻrin tutmoqda.

Muzeyning har bir eksponati oʻzida tarixning bir boʻlagini mujassam etadi. Ular avlodlar osha xalqimizning boy madaniy-maʼrifiy merosini namoyishda etishda davom etaveradi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер