Tanzila Narbayeva Raqobatbardoshlik va statistika federal markazi direktori Hanan Axli bilan uchrashdi
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati
2023-yil 3-fevral kuni Senat Raisi T.Narbayevaning BAA Raqobatbardoshlik va statistika federal markazi direktori Hanan Axli bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Markaz global hisobotlarda BAA raqobatbardoshligi monitoringi va milliy maʼlumotlarning eng muhim hukumat manbalaridan biri boʻlib, BAAda barqaror rivojlanish maqsadlari uchun masʼul hisoblanadi.
Suhbat chogʻida tomonlar xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash tajribasi, shuningdek, gender balansini taʼminlash masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Xususan, T.Narbayeva xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash borasida BAAning tajribasi muhim ekanligi va bu borada ikki mamlakat sohaga oid ilgʻor metodologik va uslubiy ishlanmalarning oʻzaro samarali almashinuvini olib borishi zarurligini taʼkidladi.
Oʻz oʻrnida, Hanan Axli Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar, xususan, iqtisodiy rivojlanish boʻyicha erishilgan yutuqlar hamda xalqaro reytinglardagi ijobiy koʻrsatkichlarni yuqori baholadi. Ikki mamlakat rahbarlarining saʼy-harakatlari hamda doimiy muloqotlari natijasida Oʻzbekiston va Amirliklar oʻrtasida koʻp tomonlama hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotganini eʼtirof etdi.
Shuningdek, BAAda gender tenglikni taʼminlashda ikki muhim siyosiy tashabbus, yaʼni qonunchilikni takomillashtirish hamda xotin-qizlarning taʼlimi, ijtimoiy-siyosiy ongini oshirish natijasida parlamentda ayollarning ulushi 50 foizga, davlat boshqaruvi organlarida esa 30 foizga yetgani taʼkidlandi.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida davlat organlarida ayollar bandligi darajasini oshirish, biznes va xususiy sektor sohasiga ayollarni faol jalb etish hamda gender tenglikni taʼminlashda oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv soʻnggida tomonlar BAA Raqobatbardoshlik va statistika federal markazi va Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi oʻrtasida hamkorlik memorandumi va “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring